Olmazor tumanidagi 17-sonli Ichki ishlar bo`limi profilaktika inspektori mayor O`rol Nurjonov “Qichqiriq” kanalidan qutqarilgan shaxs bilan bog`liq voqea tafsilotlarini O`zA muxbiriga gapirib berdi.
– Toshkent shahar Olmazor tumani Mirzo ko`chasi, 17-uyda doimiy ro`yxatda turuvchi 2000 yilda tug`ilgan fuqaro Niyozov Hasan Qobil o`g`li ehtiyotsizligi oqibatida sirg`anib ketgan, – deydi O`.Nurjonov. – Gap shundaki, u yaqin hududdagi ko`p qavvatli uylarning birida ta`mirlash ishlarida ishlaydi. U idishga suv olish uchun kanalga keladi. Shunda oyog`i toshda sirg`anib tushib ketgan. Mazkur holatdan jinoyat alomatlari sezilmadi.
Hasan Niyozov:
– Suzishni bilsam-da, suvning haddan ziyod sovuqligi bois chap oyog`im tomiri tortishib qoldi. Harakat qilishning umuman imkoni bo`lmadi. Holdan toyib, endi hammasi tomomligiga o`zimni ishontira boshladim. Shu topda qanday ahvolda ekanimni so`z bilan tushintirishning imkoni yo`q. Baxtimga uchastka nozirlari bor ekan, ularning sharofati bilan omon qoldim. Ulardan cheksiz minnatdorman.
Eslatib o`tamiz, shu yilning 9 mart kuni “Xavfsiz hudud” tadbiri davomida profilaktika inspektorlari mayor O`.Nurjonov hamda leytenant J.Abdulboqiev “Qichqiriq” kanalida cho`kayotgan shaxsni ko`rib qoladilar. Leytenant J.Abdulboqiev o`ylab o`tirmasdan suvga tushib, cho`kayotgan shaxsni qutqaradi va uni soxilga olib chiqadi. Tez-tibbiy yordam etib kelgunga qadar ichki ishlar xodimlari jabrlanuvchiga birinchi yordam ko`rsatishadi.










