Shaffoflik hukumat va aholi o`rtasidagi ishonchni mustahkamlaydigan omil. Ayniqsa, bugungi kunda barcha sohalarda ochiqlik va shaffoflik eng muhim mezon hisoblanadi. Bu borada Prezident matbuot xizmatining faoliyati, ayniqsa tizimli ravishda brifinglar o`tkazilayotgani tahsinga loyiq.
Shu jumladan, yurtimizning ko`plab vazirlik va tashkilotlari qoshida ham media markazlar tashkil etilmoqda. Bu ro`yobga chiqarilayotgan islohotlarni tezkor va batafsil yoritishga, mutasaddi vazirlik va idoralar zimmasiga yuklatilgan vazifalar va ularning bajarilishi to`g`risida ommaviy axborot vositalari vakillariga muntazam ravishda hisobot berib borishda juda qo`l keladi.
So`nggi ikki oy ichida O`zbekiston Yoshlar ittifoqi rahbari Qahramon Quranbaevning sahifasi Prezidentimizning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasidan keyin O`zbekistonda ikkinchi bo`lib verifikasiya olgani, Yoshlar ittifoqi sahifasida bir kunda 100 taga yaqin post qo`yilayotgani, bu sahifa uncha-muncha axborot agentliklari bilan bellasha olayotgani va asosiysi, Yoshlar ittifoqi vakillarining viloyatlardagi muammolarni yoritayotgani, postlarning aksariyati viloyatlardan yo`llanayotgani ham fikrimizga dalil bo`la oladi. Aytish joizki, shundan so`ng internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda Yoshlar ittifoqiga tanqidiy munosabatlar sezilarli darajada kamaydi. Bunga balki o`z vaqtida Yoshlar media markazining tashkil etilgani sababdir.
Ayniqsa “Yosh kitobxon tanlovi”ning o`tkazilgani, “Diniy ma`rifat to`garaklari”ning ochilishi ko`pchilikning ko`nglidan joy olib, odamlarning Yoshlar ittifoqiga munosabatini o`zgartirib yubordi deyish mumkin.
Umumiy gap bo`lib qolmasligi uchun o`zim guvoh bo`lgan bir voqeani bayon etsam. Kuni kecha Yoshlar media markazi tomonidan Yosh jurnalistlar maktabi faoliyatini tashkil etish maqsadida yurtimizdagi ikki oliy o`quv yurtining jurnalistika fakulteti talabalari jalb etilib, ular o`rtasida kasting o`tkazildi.
Bundan maqsad bo`lajak jurnalistlarga amaliyot o`tash, ustoz jurnalistlarning mahorat darslariga qatnashish imkonini yaratish, TV va radio bo`yicha jurnalistlar maktabi ishtirokchilarini “Bunyodkor” yoshlar teleklubi bazasida o`qitish, xullas, bir so`z bilan aytganda yosh jurnalistlar diplomni qo`lga kiritguniga qadar shu jarayonda faol ishtirok etishlari uchun imkoniyat yaratish. Men ham ushbu kastingda ishtirok etdim.
Kastingda ishtirok etish uchun yig`ilgan tengdoshlarimning quvonchi ichiga sig`may “Biz uchun imkoniyatlar eshigi keng ochilyapti. Ham o`qib, ham amaliyot o`tash orzumiz edi” deyishgani, kastingga chin dildan tayyorgarlik ko`rishganining o`zida ularning Yoshlar ittifoqi faoliyatidan xursand ekanliklarini bilish mumkin. Aslida ushbu Yosh jurnalistlar maktabi biz yoshlar uchun yana bir qator imkoniyatlarni rejalashtirgan ekan, tashkilotchilar bu haqda vaqti kelganda alohida to`xtalamiz deyishdi.
Lekin internetda ko`pincha o`rta yoshlilar (e`tibor bering, yoshlar emas!) tomonidan Yoshlar ittifoqiga nisbatan salbiy fikr bildiradiganlar hamon uchrab turibdi. Nega?! Shu haqda mushohada qilib ko`rsak. Tabiiyki, kishi yoshi ulg`aygani sayin o`zidan kichiklarga pand-nasihat qilishni, qanday yashashni o`rgatishni istab boraveradi. Aslida, bu faqat bizning xalqqa xos xislat emas, o`z davrida Suqrot ham “Hozirgi yoshlar buzilib ketyapti” deya bong urgan.
Shunday ekan, tanqid qilayotganlarni to`g`ri tushunamiz, ular biz yoshlarning kelajagimiz uchun qayg`urishyapti.
Lekin keling, masalani boshqa tomonini ham ko`rib chiqaylik. Axir har bir kishi o`zi farzandi yoki uka-singillari biror kasb-hunarning boshini tutishini, til o`rganishi, biror fandan chuqurlashtirilgan darslarga qatnashini, sport bilan shug`ullanishini istaydi-ku, to`g`rimi? Bir paytlar imom xatiblar diniy ta`lim olishga qiziqqan yoshlarni boshini birlashtirib islom dinining mohiyatini tushuntirib berishi orzu emasmidi?
Shunday ekan, Yoshlar ittifoqining yoshlarning qiziqishidan kelib chiqib har bir yo`nalishda ularga yo`l-yo`riq ko`rsatayotgani, tekin to`garaklar tashkil etilgani uchun nega ayrimlar xursand bo`lishmayapti?
Nega sharoit yaratilayotganda e`tiroz bildirishyapti? Yoshlarning fikrini chalg`itishyapti. Nega yoshlar muammolari davlat siyosati darajasiga ko`tarilgan bir paytda, biz yoshlarni Prezidentimizning shaxsan o`zi qo`llab-quvvatlab turgan bir pallada ittifoqning har bir ishidan kamchilik topishyapti?
Kuzatuvlarim natijasida yana bir xulosaga keldim. Ko`pchilikning g`ashiga tegayotgani bu yoshlar ittifoqi ishtirokchilari o`zining har bir bajargan ishini interentdagi ijtimoiy tarmoqlarga rasm va video tarzida joylashtirayotgani ekan. Uzr-u, lekin targ`ibot uchun ham qilgan ishi haqida ma`lumot berishi kerak-ku! Axir hozir har bir sohada ochiqlik an`anaga aylanmadimi? Agar bajarayotgan ishi haqida xabar bermasa, boshqa yoshlar qaerdan bilib ularning safiga qo`shiladi?
Aslida e`tirozlarning borligidan ham xafa emasmiz. Nega deysizmi? Chunki bu bizda jamoatchilik fikri shakllanayotganidan dalolat. Biz yoshlar esa jamiyatimizda ro`y berayotgan har qanday yaxshi o`zgarishdan quvonamiz. Taraqqiyot va farovon hayot sari intilayotgan ekanmiz, har bir idorayu, tashkilotdan shaffoflik talab qilishimiz shart.
Albatta, Yoshlar ittifoqi faoliyatida kamchiliklar yo`q demoqchi emasmiz. Lekin endi tetapoya bo`layotgan (tashkil etilganiga bir yil bo`ldi) tashkilotga tanqid toshlarini otaverish ham to`g`ri emas. Undan ko`ra yoshlarni ilmli, hunarli qilish yo`lida birlashib, o`zingizda bor takliflarni o`rtaga tashlab, Yoshlar ittifoqiga ko`mak berganingiz yaxshi emasmi? Axir yoshlar ittifoqidagilar o`zingizning farzandingiz, uka-singillaringiz-ku.
Barchamiz ajdodlarimiz bilan haqli ravishda faxlanamiz, lekin endi bizning zamonamizda ham ularga munosib avlodlar etishib chiqishiga o`z hissamizni qo`shishimiz kerak.
Ko`rib turganingizdek, Yoshlar ittifoqi tomonidan olib borilayotgan keng qamrovli ishlar faqatgina yoshlarni to`g`ri tarbiyalashga, ularni kasb-hunarga yo`naltirishga, ilm-ma`rifatli qilishga qaratilgan. Davlatimizning bugungi kun siyosati ham shuni taqoza etmoqda. Shunday ekan keling, farzandlaringiz, uka-singillaringizga bu yo`lda birgalikda yordam bering...
Gulasal Qodirova, talaba.