Joriy yilda Nukus shahri, To`rtko`l, Ellikqal`a va Mo`ynoq tumanlarida zamonaviy mehmonxonalar tashkil qilinadi. Mo`ynoq tumanidagi Sudoche ko`li bo`yida dam olish maskani va baliq mahsulotlaridan milliy taomlar tayyorlovchi ovqatlanish shoxobchasi ishga tushiriladi. Shuningdek, hududning etnografik xususiyatidan kelib chiqqan holda “Ethno-Village” (etno-qishloq) hamda Ellikqal`a tumanida Aqchako`l yonida turistik majmua barpo qilinadi, deb xabar berdi O`zbekiston axborot agentligi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasining Qoraqalpog`iston Respublikasi hududiy boshqarmasi boshlig`i Bayram Qusekeevning ta`kidlashicha, ayni paytda Qoraqalpog`istonda 34 turistik tashkilot faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan o`tgan yili 8 mingdan ortiq sayyohga xizmat ko`rsatilgan. Qoraqalpog`istonga asosan Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSh, Rossiya va Yaponiya davlatlaridan turistlar tashrif buyurmoqda.
Mo`ynoq tumanidagi “Ochiq osmon ostidagi kemalar muzeyi” atrofida “Muinok tour” sayyohlik firmasi tomonidan 4 o`tov, “Mo`ynoq” mayagi va ovqatlanish shoxobchasi tashkil qilindi. Mazkur ob`ektlarning atrofi obodonlashtirilib, dengizning tarixi va xaritasi yozib qo`yildi.
2018-2019 yillarda Qoraqalpog`istonda 42 loyiha amalga oshirilishi ko`zda tutilgan. Ya`ni, 8 yangi mehmonxona, 3 kemping, 3 logistika hamda 1 turistlar uchun ovqatlanish o`rni qurilishi nazarda tutilgan.
Nukusdagi I.Saviskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san`at muzeyiga mamlakatimizning qator viloyatlaridan, Qoraqalpog`iston Respublikasining barcha shahar va tumanlaridan sayohatchilarni jalb qilgan holda turlar tashkil etilmoqda. Orolbo`yining turizm va ekoturizm salohiyati haqida o`zbek, rus va ingliz tillarida katalog, kitob va flayerlar tayyorlangan.
Dasturga ko`ra, milliy san`atimiz, urf-odatlarimiz, an`analarimiz va qadriyatlarimizni keng targ`ib etish maqsadida “Yoshlar folklori” respublika festivali, “Abbaz ovozi Qaraterang irg`oqlari” folklor festivali va jirovlar, baxshilar, oxun va qissaxonlar ishtirokida “Qur” festivali o`tkaziladi.
“O`zbekiston bo`ylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturi asosida Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan Qoraqalpog`iston Respublikasi turizmni rivojlantirish boshqarmasi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog`iston Respublikasi kengashi, Qoraqalpog`iston kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi, Xotin-qizlar qo`mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg`armasi bilan hamkorlikda turlar va ekskursiyalar tashkil qilish rejalashtirilmoqda. Bunda xalqimiz, ayniqsa, mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar va yordamga muhtoj oilalar vakillarining mamlakatimiz hududidagi tarixiy joylarga sayohatlarini tashkil etish nazarda tutilmoqda.






