AsosiyJamiyat

2018 yildagi qo`shimcha dam olish kunlari: ta`til qanday hisoblanadi?

'2018 yildagi qo`shimcha dam olish kunlari: ta`til qanday hisoblanadi?'ning rasmi

Prezidentning 28.12.2017 yildagi PF–5290-son Farmoni bilan 2018 yilda 3ta qo`shimcha dam olish kuni: 2 yanvar, 20 mart va 31 avgust berildi. Norma sharhida ish kunlari qoplanishini hisoblashda amaliyotda qanday muammolar yuzaga kelganligi to`g`risida so`z yuritiladi.

So`zimiz avvalida qo`shimcha dam olish kunlari byudjet tashkilotlarida majburiy ekanligini qayd etib o`tamiz. U erda ular ta`til kunlarini qisqartirish orqali qoplanadi, biroq ta`til puli miqdoriga ta`sir ko`rsatmaydi.

Byudjet tashkilotlari hisoblanmagan tashkilotlarda (davlat tashkilotlari ham ana shunday bo`lishi mumkin) qo`shimcha dam olish kunlari mehnat ta`tiliga qo`shimcha boshqa kunlar bilan bir qatorda tashkilotning moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, mehnat shartnomalari yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushma qo`mitasi bilan kelishib qabul qilinadigan boshqa ichki hujjatlarda belgilanadi. Shu sababli korxona ushbu modelni tanlashga qaror qilgan bo`lsa, byudjet tashkilotlari uchun belgilangan qoidalarni qo`llashi mumkin.

Farmonning 3-bandida qayd etilishicha: «byudjet tashkilotlarida qo`shimcha dam olish kunlari har yilgi mehnat ta`tilining davomiyligini uch ish kuniga qisqartirish hisobiga qoplanadi, har yilgi mehnat ta`tili davrida saqlanadigan o`rtacha oylik ish haqi miqdorini hisoblashda mehnat ta`tilining amaldagi davomiyligi hisobga olinadi, unga qo`shimcha dam olish kunlari qo`shiladi». Bunda har qanday tashkilotda har yillik mehnat ta`tilining davomiyligi qisqartirishni hisobga olgan holda 15 ish kunidan kam bo`lmasligi kerak.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligiga Kasaba uyushmalari federasiyasi kengashi bilan birgalikda 2018 yil fevral oyining boshigacha ushbu normani qo`llashga doir batafsil yo`riqnoma qabul qilish topshirilgan edi. Biroq mazkur maqola chiqarilgan paytga kelib (12.03.2018 yil) u e`lon qilinmadi.

Yuzlab tashkilotlardagi kadrlar va buxgalteriya xizmatlari qonun hujjatlarining umumiy normalariga amal qilishiga to`g`ri kelmoqda. Shu asnoda ko`p savollar yuzaga keldi.

Ish kunlari qoplanishi qanday hisoblanadi

Ish yili kalendar yili (1 yanvardan 31 dekabrgacha) bilan mos kelganda, xodim esa yil oxirida ta`tilga chiqqanda Farmonning 3-bandini qo`llash oson bo`ladi. Masalan, xodimning har yilgi mehnat ta`tili davomiyligi 18 ish kunini tashkil etadi. Xodim amalda 15 kun dam oladi, ta`til puli esa 18 kun uchun to`lanadi.

Ish yili va kalendar yili mos kelmaganda vazifa qiyinlashadi. Xodim 3 yanvar bilan 19 martgacha bo`lgan muddat oralig`ida, masalan, 1 martdan ishga qabul qilindi deylik. Unga 1.03.2017 yildan 28.02.2018 yilgacha bo`lgan davr uchun yillik mehnat ta`tili beriladi. Bu paytga faqat 1ta qo`shimcha dam olish kuni – 2 yanvar to`g`ri keladi.

20 martdan keyin ishga qabul qilinganda esa ish yiliga (masalan, 25.03.2017 yildan 24.03.2018 yilgacha) 2ta qo`shimcha dam olish kuni kiradi.

Faqat 1 sentyabrdan boshlab va undan keyin ishga qabul qilishda ish yili 3ta qo`shimcha dam olish kunini o`z ichiga oladi.

Bunday hollarda savol tug`iladi: xodim ish yili davomida qo`shimcha dam olish kunlaridan foydalanmagan bo`lsa, ularni ta`tildan chegirish mumkinmi? Bunda mutaxassislar turli xil fikr bildiradilar:

a) bir guruh Farmonning 3-bandini aynan talqin qiladi – mehnat ta`tili 3 kunga qisqartirilsin deb yozilganmi, demak, u 2018 yilda beriladigan har qanday ta`tildan bir vaqtning o`zida chegiriladi;

b) boshqa guruhning fikricha, qo`shimcha dam olish kunlaridan amalda foydalanganlikni hisobga olish zarur.

Muallifning fikricha, ish yili davomida qo`shimcha dam olish kunlarining hammasidan foydalanilmagan vaziyatlarda mehnat ta`tilini bir yo`la 3 kunga qisqartirish asossiz. Bunday qisqartirish, birinchidan, yildagi ishlanmaydigan kunlar sonini kamaytirish orqali xodimning holatini yomonlashtiradi, ikkinchidan, ish kunlari sonini ko`paytirish vositasida ish vaqti muvozanatini buzadi. Ya`ni ta`til hisobidan faqat amalda foydalanilgan qo`shimcha dam olish kunlarini qoplash mantiqqa to`g`ri keladi.

Qo`shimcha kunlar ish yiliga kirgan, biroq ulardan amalda foydalanilmagan bo`lsa, yilning oxirigacha mehnat shartnomasi bekor qilinganda ham bunday qilish mantiqqa to`g`ri keladi.

Qo`shimcha dam olish kunlari hisobga olinmay, to`liq ta`til berilgan bo`lsa, nima qilish kerak

Byudjet tashkilotining xodimi 1 martda ishga qabul qilindi deylik. Ta`tilning davomiyligi – 18 ish kuni. Muassasada 6 kunlik ish haftasi belgilangan. Fevralda xodim oyning 7-sanasigacha ishladi, 8–28 fevral kunlariga 18 ish kuni davom etuvchi ta`til berildi. Aslida u 8 fevralgacha ishlab, oyning 9-sanasida ta`tilga chiqishi kerak edi. Sababi – xodim 2 yanvarda 1ta qo`shimcha dam olish kunidan foydalangan, shu bois amaldagi ta`tili 17 kundan oshmasligi kerak.

Bu erda qayta hisob-kitob qilish mantiqqa to`g`ri keladi. Gap shundaki, 2018 yilda 6 kunlik 40 soatli ish haftasi belgilangan xodimlar uchun 301 ish kuni nazarda tutilgan. Undan ta`tilning 18 ish kuni chegiriladi. Ya`ni xodim amalda 283 ish kuni ishlashi shart. Ta`til davomiyligi noto`g`ri ekanligi (uning muddati ko`payganligi) bois mazkur normativ 1 ish kuniga bajarilmay, ishlangan ish kunlari soni 282 kunni tashkil etadi.

Ish yilidagi ish kunlari 1.03.2017 yildan 28.02.2018 yilgacha hisoblansa, 304 ish kunidan 18 kuni ta`tilga to`g`ri keladi. Ya`ni xodim 286 kun ishlab berishi shart edi. Garchi 286 kun uchun haq to`langan bo`lsa ham, 2 yanvarda dam olganligi sababli amalda 285 kun ishlagan.

Qanday hisoblanmasin, baribir haqi to`langan 1ta ortiqcha ishlanmagan kun hosil bo`lyapti. Tegishincha, debitorlik qarzi yuzaga keldi. U yanvarga to`g`ri kelganligi sababli debitorlik qarzi miqdori shu oydagi o`rtacha kunlik ish haqi miqdoriga teng. Uni kim qoplaydi degan savol tug`iladi: ortiqcha 1 kun dam olgan xodimmi yoxud ma`muriyat xodimimi (direktor, buxgalter, kadrlar bo`yicha inspektor). Gap shundaki, mehnat to`g`risidagi qonun hujjatlariga muvofiq, qonunning noto`g`ri qo`llanilishi hisob-kitobdagi xato deb tan olinmaydi va shu sababli ortiqcha to`langan summalar MKning 164 va 279-moddalaridagi tartibda xodimning ish haqidan ushlab qolinmaydi. Bunday vaziyatni hisob-kitobdagi xatoga kiritish – alohida munozara mavzusi.

Ta`tildan to`liq foydalanilgandan so`ng ish yiliga qo`shimcha dam olish kunlari kiritildi

Joriy ish yili – 2017 yilning 1 martidan 2018 yilning 28 fevraligacha bo`lgan xodim 2017 yilning avgustidayoq (1.08. – 21.08.2017 yil) 18 ish kunidan iborat ta`tilidan to`liq foydalanib bo`lgan deylik. Ish yili davomida 2 yanvarda qo`shimcha dam olish kunidan ham foydalangan.

Muallifning fikricha, ta`tilga doir qoida joriy etilgunga qadar foydalanilgan ish kunlarini qoplashga yo`l qo`yilmaydi. Zero, «Normativ-huquqiy hujjatlar to`g`risida»gi Qonunning 31-moddasiga muvofiq, qonunosti NHHlar qaytar kuchga ega emas.

Ushbu maqolada bayon etilgan pozisiya kelgusida e`lon qilinadigan Yo`riqnoma bilan mos kelmasligi mumkin.

    Boshqa yangiliklar