AsosiyJamiyat

O`zbekiston fuqarolari Turkiyada qonuniy ishlashlari mumkin bo`ladi

'O`zbekiston fuqarolari Turkiyada qonuniy ishlashlari mumkin bo`ladi'ning rasmi

O`zbekiston Turkiyaga belgilangan tartibda o`zbekistonlik mehnat muhojirlarini yuborishni boshlaydi, deb xabar qildi Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi matbuot xizmati.

2018 yilning 12 mart kuni Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari agentligi va Turkiyaning «Tayga grup» kompaniyasi o`rtasida O`zbekiston fuqarolarini Turkiya Respublikasida ish bilan ta`minlashni tashkil etish to`g`risida kelishuv imzolandi.

«Tayga grup» 2006 yildan buyon Turkiyaning Antaliya, Istanbul, Izmir, Mug`la, Dengizli va G`oziantep shaharlarida mehmonxona biznesi sohasida faoliyat yuritib keladi. Shuningdek, mazkur kompaniya xorijliklarga ishlash uchun ruxsatnoma va vaqtincha turar-joyni rasmiylashtirishda ko`maklashish hamda xorijdan kelgan talabalarga malaka oshirish bilan bog`liq masalalarda yordam ko`rsatish bilan shug`ullanadi.

«Turkiyadagi mehmonxonalarda xizmat ko`rsatish sohasi xodimlariga katta ehtiyoj bor. Kompaniya bilan hamkorlik qiluvchi ish beruvchilar rus va ingliz tillarini biladigan xodimlarni talab qilishadi. Sayyohlik sohasi mavsumiy bo`lganligi uchun xodimlar bilan bir yilgacha bo`lgan muddatga mehnat shartnomasi imzolanadi», — deb ta`kidladi turk kompaniyasi vakili Mahmud Yovuz Qalqon.

Turkiya kompaniyasi xizmatchi, idish yuvuvchi, animator, resepshn, ofisant, barmen, shveysar, oshxona ishchisi, oshpaz lavozimlariga xodimlarni olmoqda. O`rtacha oylik oyiga 430 dollarni tashkil qiladi, ish kunlari — dushanbadan juma kunigacha. Yashash, ovqatlanish va O`zbekistondan borish harajatlarini turk kompaniyasi tomonidan to`lanadi.

Turkiyada ishlamoqchi bo`lganlar 2018 yil 14-17 mart kunlari mehnat migrasiyasi masalalari bo`yicha agentlikka murojaat qilishlari mumkin.

    Boshqa yangiliklar