Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi Surxondaryo viloyati markazi Termiz shahrini Janubiy koreyalik turistlar uchun xavfli bo`lgan hududlar ro`yxatidan chiqardi, deb xabar berdi O`zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi matbuot xizmati.
"O`zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi sa`y-harakatlari natijasida Surxondaryo viloyati va Termiz koreyalik fuqarolar uchun tashrif buyurish xavfli bo`lgan hududlar ro`yxatidan chiqarildi. Bunga qadar ushbu hudud yuqori xatarli hududlar ro`yxatiga kirgan va tashrif buyurish uchun tavsiya etilmagan", — deyiladi xabarda.
Qo`mita matbuot xizmatining xabariga ko`ra, 2 mart kuni Janubiy Koreya TIV mazkur qarorni chiqargan.
Bu Koreyadan minglab turistlarning O`zbekistonga tashrif buyurishlariga qiziqish uyg`otadi hamda mamlakatlar o`rtasida iqtisodiyot, turizm va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Janubiy Koreyaning O`zbekistondagi elchisi Kvon Yon-U termizda bo`lib, turizm infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlar hamda turistik polisiya faoliyati bilan tanishgan.
O`tgan yilning avgustida O`zbekiston hukumati mamlakatda 2018-2019 yillarda turizmni rivojlantirish bo`yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlagandi. Xususan, 2018 yil avgustida Termizda maydoni bir gektargacha bo`lgan yapon bog`i hamda buddizm yodgorlik majmuasini qurish ishlarini boshlash ko`zda tutilgan. 2002 yil aprelida O`zbekistonda Termiz shahrining 2500 yilligi nishonlangan. Olimlarning fikricha, qadimda Termiz buddizm markazlaridan biri bo`lgan.






