AsosiyJamiyat

Yashirin faoliyat ko`rsatayotgan 13 nafar fuqaro ro`yxatdan o`tkazildi

'Yashirin faoliyat ko`rsatayotgan 13 nafar fuqaro ro`yxatdan o`tkazildi'ning rasmi

Jizzax viloyati Baxmal tumanida joriy yilning yanvar-fevral oylarida 85 nafar yakka tartibdagi tadbirkor davlat ro`yxatidan o`tdi. 24 nafar tadbirkor o`z faoliyatini qayta tikladi. Bu haqda O`zbekiston axborot agentligi ma`lum qildi.

Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro`yxatdan o`tkazilganlarning 13 nafari amalda bu sohada ancha vaqtdan buyon faoliyat ko`rsatib kelayotgan fuqarolardir. Ular soliq to`lovlaridan qochib, ro`yxatdan o`tmasdan turli yo`llar bilan yashirin tadbirkorlik qilayotgan edi.

Masalan, hech bir hujjatsiz, oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan noqonuniy shug`ullanib kelayotgan fuqaro Rustam Hamidov davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan olib borilgan tushuntirish ishlaridan to`g`ri xulosa chiqarib, qonuniy tartibda ro`yxatdan o`tib, tadbirkorlik qilishga kirishdi.

— Soliq xodimlari tomonidan mahalliy byudjetning daromadlar bazasini kengaytirish maqsadida o`tkazilayotgan profilaktika tadbirlari tufayli qonuniy faoliyat olib boruvchi tadbirkorlar ko`paymoqda, – deydi tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig`i o`rinbosari H.Soatov. – Natijada soliqlar va boshqa majburiy to`lovlar bazasi kengayib, ularning yig`iluvchanligi oshayotir. 2017 yilda tumanda 238 nafar yakka tartibdagi tadbirkor davlat ro`yxatidan o`tishi natijasida mahalliy byudjetga 320,9 million so`m mablag` tushishi ta`minlandi.

Tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan tadbirkorlik bilan qonuniy shug`ullanish afzalliklarini aholi o`rtasida keng targ`ib qilish ishlari muntazam olib borilmoqda. 2018 yilning ikki oyi davomida korxona va tashkilotlar, mahallalar, dehqon bozorlari va savdo tarmoqlarida 1 ming 687 marotaba tushuntirish ishlari o`tkazildi.

    Boshqa yangiliklar