2017 yil 1 iyul holatida Samarqand viloyatida 1749 nafar shaxs ichki ishlar idoralari maxsus hisobiga olingan edi. Hayotda to`g`ri yo`ldan adashgan, bilib-bilmay turli diniy oqimlar safiga qo`shilib qolgan, yot illatlar ta`siriga berilgan bu yurtdoshlarimizning 1625 nafari Prezidentimizning bag`rikengligi va g`amxo`rligi tufayli maxsus hisobdan chiqarilib, ularga jamiyatda o`z o`rnini topish uchun imkoniyat berildi.
O`zA xabariga ko`ra, ushbu toifa vakillarining 177 nafariga qariyb 41 million so`m moddiy yordam ko`rsatildi. 25 nafariga jami 697 million so`mlik imtiyozli kredit ajratildi. Natijada maxsus hisobdan chiqarilgan 69 nafar fuqaro tadbirkorlik faoliyatini yo`lga qo`ydi. 195 kishi ish bilan ta`minlandi. 71 nafar bemorning davolanishi uchun ko`mak ko`rsatildi.
Davlatimiz rahbarining afv etish to`g`risidagi farmoniga ko`ra, Samarqand viloyatidan 84 nafar shaxs, jumladan, diniy ekstremizmga aloqador 41 kishi afv etildi. Ularning 34 nafari bandligi ta`minlangan bo`lsa, 5 nafari mehnatga layoqatsiz bo`lgani uchun nogironlik nafaqasiga chiqarilgan, 2 nafari yoshga doir pensiyaga chiqqan.
Afsuski, bugungi kunda 124 nafar fuqaro turli sabablar bilan doimiy yashash manzillaridan xorijga chiqib ketgani sababli hali ham maxsus hisobda turibdi. Viloyat huquq-tartibot idoralari tomonidan 269 nafar shaxs turli jinoyatlarni sodir qilganligi uchun qidirilmoqda.
Samarqand viloyati hokimligida huquq-tartibot idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillarining qidiruvdagi fuqarolarning yaqin qarindoshlari va maxsus hisobdan chiqarilgan shaxslar bilan o`tkazilgan uchrashuvida shu kabi ma`lumotlar berilib, maxsus hisobga olingan va ayni paytda xorijda yurgan yurtdoshlarimizni Vatanimizga qaytarish, ularni to`g`ri yo`lga boshlash haqida so`z yuritildi.
Viloyat hokimi T.Jo`raev viloyatda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar, bunyodkorlik ishlari haqida ma`lumot berib, ushbu jarayonda jamiyatning ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlami manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo`llab-quvvatlashga davlatimiz tomonidan alohida e`tibor qaratilayotganini ta`kidladi.
– Bu yurtda har bir fuqaroning yaxshi yashashga haqi bor, – dedi viloyat hokimi. – Prezidentimiz har bir chiqishlarida alohida qayd etganidek, ular kelajakda emas, bugun farovon hayot kechirishi kerak. Hatto, to`g`ri yo`ldan adashgan, bilib-bilmay turli diniy oqimlar safiga qo`shilib qolgan yurtdoshlarimizni ham kechirib, ularga bag`rimizni ochishimiz, ijtimoiy muammolarini hal etishga ko`maklashishimiz lozim. Davlatimiz rahbarining bag`rikengligi tufayli mana keyingi bir yilda maxsus hisobdan chiqarilgan yuzlab shaxslarni to`g`ri hayotga qaytardik. Ular ham bugun yurtimiz ravnaqiga baholi qudrat hissa qo`shmoqda. Mahalla-ko`y ishida qatnashyapti. Bugungi kunda maxsus hisobda turgan, xorijda yurgan fuqarolarning yaqinlariga murojaat qilmoqchiman. Agar ular bilan aloqangiz bo`lsa, ayting, yurtimizga qaytsin. Viloyat hokimi sifatida va`da beraman, hech qaysini qamamaymiz. Ularni to`g`ri yo`lga solamiz, ish bilan ta`minlaymiz, uyi bo`lmasa, bu borada ham yordam beramiz.
– Turli diniy ekstremistik oqimlar safidagi noqonuniy harakatlari uchun qidiruvda bo`lgan shaxslarga nisbatan olib borilgan tezkor tadbirlar jarayonida olingan ma`lumotlarga ko`ra, ularning ayrimlari O`zbekiston Respublikasidan tashqarida bo`laturib, yaqin qarindoshlari bilan doimiy aloqada, – deydi Milliy xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig`i U.Mirzaahmedov. – Ular yashash manzillariga qaytib kelish istaklari mavjudligi, biroq muqaddam sodir etgan jinoyatlari uchun huquq-tartibot idoralari tomonidan ushlanib, qamoq jazosi qo`llanilishidan qo`rqayotganini ma`lum qilmoqda. Lekin ularning bir nechtasi avvalgi harakatlari noqonuniy ekanligini anglab etib, hozirgi vaqtda diniy ekstremistik va terrorchilik tashkilotlari faoliyatiga aralashmasdan, halol yo`l bilan mehnat qilmoqda. Ularning xatti-harakatlarida davlatimiz milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi omillar mavjudligi to`g`risida ma`lumotlar olinmagan. Shundan kelib chiqib, qidiruvda bo`lgan 12 nafar samarqandlikning jinoyat ishlari o`rganib chiqildi. Ularning harakatida jinoyat alomatlari mavjud bo`lsa-da, agar avvalgi harakatlari noto`g`ri ekanligini tushunib etgan holda, o`z ixtiyori bilan yashash manziliga qaytib kelsa, ozodlikdan mahrum etish bilan bog`liq bo`lmagan jazo turi qo`llanilishi maqsadga muvofiqligi to`g`risida xulosaga kelindi.
Shuningdek, yig`ilishda viloyat prokurori F.Zufarov, Jinoyat ishlari bo`yicha viloyat sudi raisi O.Hayitov va viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov adashgan, o`zga yurtda qochib yurganlar xatti-harakatlarining huquqiy oqibatlari, ular o`z ixtiyorlari bilan qaytishsa, beriladigan qonuniy engilliklar haqida so`zladi.
Tadbir davomida turli diniy oqimlarga kirib, taqdiri ayanchli yakunlangan va o`zga yurtda xoru zor bo`lib yurgan kimsalar haqida hikoya qiluvchi “Adashganlar” nomli film namoyish etildi.






