Bugun, 15 mart kuni poytaxtimizdagi 30-mehribonlik uyida "Navro`z sayli" tadbiri tashkil etildi.
Ushbu tadbir O`zbekiston davlat san`at va madaniyat institutining faol talabalari tashabbusi bilan tashkil qilingandi. Unga Milliy olimpiya qo`mitasi vakillari va bir qator sportimiz yulduzlari ham tashrif buyurishdi. Jumladan, boks bo`yicha Olimpiya o`yinlari chempioni Shahobiddin Zoirov, Olimpiya o`yinlari kumush medal sohibi Bektemir Meliqo`ziev, jahon chempionati sovrindorlari Sanjar Tursunov va Bahodir Jalolov, taekvondo bo`yicha jahon chempioni Dmitriy Shokin, Osiyo o`yinlari g`olibi Jasur Boyqo`ziev, stol tennisi bo`yicha yoshlar o`rtasida jahon chempioni Saida Mahmudova va futbol bo`yicha Osiyo chempionligini qo`lga kiritgan Rustam Ashurmatov, Islomjon Qobilov va Akrom Komilovlar ushbu tadbirda qatnashdilar.
Umuman, MOQ Prezidenti Umid Ahmadjonovning tashabbusi bilan O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi so`nggi paytlarda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun muntazam ravishda mana shunday tadbirlar tashkil etib kelmoqda. Bundan bir necha hafta avval shunga o`xshash tadbirlar poytaxtimizdagi 100-jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar maktab internatida hamda ko`zi ojizlar maktabida o`tkazilgan edi.
Bugun esa sportimiz yulduzlari O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi bilan birgalikda 30-mehribonlik uyiga tashrif buyurishdi. Tadbir davomida yosh bolajonlarga institut talabalari ishtirokida ko`razmali chiqishlar, sahna ko`rinishlari namoyish etildi. Kuy-qo`shiqlar bayramga o`zgacha kayfiyat ulashdi.
Tantanali tadbirda 30-mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari o`zbek sportining yorqin yulduzlari qo`lidan Milliy olimpiya qo`mitasining esdalik sovg`alari va sport anjomlarini qabul qilib olishdi. Bunday e`tibor va qiziqarli tadbirdan ko`ngli yarimta bolajonlarning kayfiyati juda ko`tarildi. Ular hayajonlarini yashira olmadilar. Tadbir yakunida mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari o`zbek sporti yulduzlari bilan esdalik uchun suratga tushish va ulardan dastxat olish imkoniga ega bo`lishdi.
Milliy olimpiya qo`mitasi ishlab chiqilgan rejaga asosan maxsus maktab-internatlar, ko`zi ojizlar maktablari, mehribonlik, qariyalar va muruvvat uylarida yana ko`plab tadbirlar tashkil etishni o`z oldiga maqsad qilib qo`ygan.






