AsosiyJamiyat

Mansabdorlar tomonidan buzilgan 6,5 mingga yaqin shaxsning huquqlari tiklandi

'Mansabdorlar tomonidan buzilgan 6,5 mingga yaqin shaxsning huquqlari tiklandi'ning rasmi

2017 yil 1 iyundan mamlakatimizda ma`muriy sudlar faoliyati yo`lga qo`yildi. Tizimda ayni paytda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o`rinbosari, Ma`muriy ishlar bo`yicha sudlov hay`ati raisi Bahodir Dehqonov O`zA muxbiriga quyidagilarni so`zlab berdi:

— Konstitusiyamizda har bir shaxsning o`z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilishi, davlat organlari, mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish mumkinligi belgilab qo`yilgan bo`lsa-da, bu huquqni ro`yobga chiqarishning aniq mexanizmi  mavjud emas edi.

Prezidentimizning 2017 yil 21 fevraldagi “O`zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyatini samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni asosida 2017 yilning 1 iyunidan boshlab ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma`muriy nizolar hamda ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ishlarni ko`rib chiqish vakolati yangi tashkil etilgan Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) ma`muriy sudlariga o`tkazildi.

Har bir tuman va shaharda jami 213 ma`muriy sud tashkil qilinib, ularga 267 sudyalik shtati ajratilgani bu toifa ishlarni tezkor va sifatli ko`rib chiqish, fuqarolarning vaqti va mablag`ini tejash imkonini bermoqda.

O`tgan yil 1 iyundan yil yakunigacha ma`muriy sudlarda 273 mingga yaqin ma`muriy huquqbuzarliklarga oid ishlar ko`rib hal etildi. Shuningdek, 11 mingdan ortiq ommaviy-huquqiy munosabatlarga oid nizolar bo`yicha 6,5 mingga yaqin jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklandi.

 Ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma`muriy nizolarni, jumladan, fuqarolarning davlat organlari ustidan shikoyatlarini ko`rishga oid normalar Fuqarolik prosessual va Xo`jalik prosessual kodekslarida  mavjud edi. Lekin ularda ushbu toifa ishlarni hal etishning prosessual tartiblari to`liq emas edi.

Shu bois Oliy sud tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy sud ishlarini yuritish to`g`risidagi kodeksi ishlab chiqildi. Mazkur kodeks O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2017 yil 20 dekabrdagi o`n uchinchi yalpi majlisida ma`qullanib, Prezidentimiz tomonidan 2018 yil 25 yanvarda tasdiqlandi.

2018 yil 1 apreldan kuchga kirishi belgilangan yangi kodeks 4 bo`lim, 29 bob va 288 moddadan iborat. Unda ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni hal qilish tartibi, ma`muriy sud ishlarini yuritishning asosiy tamoyillari o`rin olgan.

Mazkur kodeksning kuchga kirishi bilan jismoniy va yuridik shaxslarni ularning huquqlari va qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlariga zid bo`lgan davlat boshqaruvi, o`zini o`zi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining noqonuniy qarorlari, harakatlari (harakatsizligi)dan sud orqali himoyalanishi prosessual-huquqiy jihatdan ta`minlanadi.

Mansabdor shaxslarining huquqiy xatti-harakatlari va qabul qilgan qarorlarining qonuniyligi ustidan sud nazoratini ta`minlashning bunday demokratik mexanizmi yaratilgani davlat organlari faoliyatida qonuniylikni mustahkamlaydi.

Shu kunlarda Oliy sud tomonidan yangi kodeksning mazmun-mohiyatini fuqarolar, ayniqsa tadbirkorlarga tushuntirish bo`yicha keng qamrovli tadbirlar o`tkazilmoqda. Ma`muriy ishlar bo`yicha sudlov hay`ati sudyalari tomonidan hozirgacha Qoraqalpog`iston Respublikasi, Xorazm, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Jizzax va Toshkent viloyatlariga borishib seminarlar tashkil etildi.

Joylardagi sudlar, tadbirkorlar, prokuratura, adliya, ichki ishlar organlari xodimlari, advokatlar, Savdo-sanoat palatasi va jamoat tashkilotlar vakillari ishtirokida o`tkazilgan anjumanlarda kodeksda belgilangan ma`muriy sudlarga taalluqli holatlar tushuntirilmoqda. Ishtirokchilar nizolar, jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlarining, fuqarolar o`zini o`zi boshqarish organlarining qarorlari, shuningdek ular mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat va arizalar berish, birinchi instansiya, apellyasiya, kassasiya, nazorat instansiyalari sudlarida ish yuritish, sud hujjatlarini ijroga qaratish tartiblari hamda kodeksda belgilab qo`yilgan boshqa qoidalardan batafsil xabardor etilmoqda.

    Boshqa yangiliklar