O`zbekistonda mahalliy vaqt bilan soat 12:00 da 2,5 mingdan ortiq Rossiya fuqarolari ovoz berishga ulgurishdi, deb xabar qilmoqda Sputnik nashri.
"Ovoz berish belgilangan vaqtda, ertalab soat 8 da boshlandi va o`tgan vaqt davomida juda faol kechdi. Ayni damda 2,5 mingdan ortiq saylovchilar ovoz berishga ulgurishgan. Ularning uchdan bir qismi Olmaliq, Guliston, Samarqand va Navoiy shaharlarida bo`lib o`tgan muddatidan oldin ovoz berishda ishtirok etganlar", — dedi Rossiyaning O`zbekistondagi elchisi Vladimir Tyurdenev.
Elchi aytishiga qaraganda, 2016 yilda bo`lib o`tgan Davlat Dumasi saylovlariga qaraganda, bugungi saylovlarda ishtirok etgayotganlar soni bir necha barobar ko`p. Shuningdek, bu safargi saylovda, 2012 yilda bo`lib o`tgan prezident sayloviga nisbatan, odam ko`proq kelishi kutilmoqda.
"Biz O`zbekiston rahbariyati, hukumati, TIV va boshqa tizimlaridan minnatdormiz. Ular bizni boshqa shaharlarda va muddatidan oldin saylov o`tkazishda to`la-to`kis qo`llab-quvvatlashdi. Biz murojaat qilgan barcha masalalar bo`yicha ijobiy javob olindi va ularning barchasi amalga oshirildi", — dedi Vladimir Tyurdenev.
Eslatib o`tamiz, Rossiyaning O`zbekistondagi elchixonasi saylov oldidan katta axborot kampaniyasi o`tkazdi. Murojaatnomalar nafaqat OAV orqali balki telekommunikasiya kompaniyalari orqali SMS ko`rinishida ham tarqatilgan edi.
Bugun 18 mart kuni Rossiya prezidenti saylovi bo`lib o`tmoqda. Ushbu munosabat bilan xorijiy mamlakatlarda 400ga yaqin saylov uchastkalari ochilgan.






