Bahorning shoh taomlaridan bo`lmish – sumalakni hamma suyib iste`mol qiladi. Chunki u o`z tarkibida bir qancha darmondorilarni, inson jismiga quvvat baxsh etadigan xususiyatlarni mujassam etgan. Qolaversa, ko`klam boshi “ilik uzildi” palla ekanini hisobga olib, jismonan tetik, bardam, serg`ayrat, baquvvat va sog`lom bo`lish uchun xalqimiz azal-azaldan sumalak qilishga odatlangan. Bu tadbir doimo o`zining ijobiy samarasini berib kelgan.
Ammo keyingi paytlarda to`qchilik, farovonlik, moddiy tarafdan keng-mo`lchilik sababli ne`matlarga nisbatan noshukurchilik va isrofgarchilik holatlari avjiga chiqqani ham ayni haqiqat. Bu salbiy holatni ziyofat, to`y-tomosha, ma`raka-marosim va boshqa tadbirlarda ham ko`rish mumkin. Sumalak va unga tegishli jarayonlar-da mazkur salbiy holatlardan xoli emas.
Birinchidan, diniy savodsizlik tufayli sumalakni muqaddas taom sifatida ardoqlash va uni tayyorlash jarayonini ibodat darajasiga ko`tarish yoki mazkur holatni ilohiylashtirish holatlari ham bor. Shuning uchun bo`lsa kerak, sumalakning paydo bo`lish tarixi to`g`risida har xil to`qima xabar va “hadis”lar tarqalgan. Shunday voqealardan biri – sumalak aslida “semalak”, ya`ni “uch farishta” deb atalib, uni Fotima onamiz roziyallohu anho o`g`illari Imom Hasan va Imom Husayn roziyallohu anhumolar uchun tayyorlab bergani haqidadir. Ona uyda hech vaqo yo`qligi bois o`choqqa o`t yoqib, qozonga suv solib, uni qaynatish jarayonida kavlab turgan. Va o`g`illarini tinchlantirish uchun qozondan shaqur-shuqur tovush chiqib tursin, deb bir necha toshni ham tashlagan. Bu jarayon yarim tungacha davom etib, alal-oqibat har ikkala o`g`il charchab uxlab qoladi. Ona ham toliqib uyquga ketadi. Shu payt osmondan uchta farishta tushib, qozonga sumalak uchun ishlatiladigan barcha masalliqlarni solib, uni tayyorlashgan. Erta tongda esa ona-bolalar uyg`ongan va qozondagi tayyor sumalakni iste`mol qilishgan.
Hech qanday hadis yoki asos bilan dalillanmagan mazkur rivoyat aslida to`qima bo`lib, amalda sumalak barcha taomlar kabi oddiygina bahoriy taomdir. Uning boshqa taomlardan hech qanday muqaddaslik va ustunlik jihati yo`q. Chunki uning tarkibida mavjud xususiyatlar boshqa taomlarda ham bor.
Ikkinchidan, sumalakni tayyorlash jarayonida o`ziga xos talablar, masalan, ayol-qizlarning uzrli bo`lmasliklari, sumalakka ma`lum adaddagi toshlarni tashlash va uni kavlash jarayonida bo`ladigan har xil e`tiqodiy adashishlar (alohida niyat qilish, shu paytda qilingan niyatlarning ro`yobga chiqishi, orzu-havaslarning amalga oshishi, turmushga chiqmagan qizlar bo`lsa, baxti ochilishi, befarzandlarning bola ko`rishi, arazlashib qolganlarning yarashishi, sumalakning ustki qismida qandaydir surat, shakl va yozuvlarning paydo bo`lishi, yana bulardan tashqari qanchadan-qancha bid`at-xurofotlar), hattoki sumalakka qarab turib fol ochish holatlari ham paydo bo`layotgani nihoyatda achinarlidir. Aslida niyat ro`yobga chiqishi uchun qaysidir taomga tosh tashlashda hech qanday mantiq yo`q. Bu taom tagiga olmasligi uchun qilinadigan bir amal, xolos. Axir, umri davomida biror qozonga tosh tashlamagan, biroq ko`plab niyati ro`yobga chiqqan kishilar juda ko`p.
Uchinchidan, sumalak tayyorlash jarayonida ko`p odam yig`ilishi natijasida esa ziyofat, o`yin-kulgi, isrofgarchilik, dabdabavozlik, shuningdek, bu borada kimo`zarga o`ynash ham avjlanib bormoqda. Ba`zi hollarda esa beparvolik, loqaydlik tufayli yong`in hodisalari sodir bo`layotgani va qanchadan-qancha moddiy zararlarni keltirib chiqarayotgani-da hech kimga sir emas. Ba`zan qarov yo`qligi bois yosh bolalarning sumalak qaynab turgan qozonga tushib ketgani haqida ham eshitib qolamiz.
To`rtinchi – eng achinarlisi va eng yomoni esa “Sumalak bahona – diydor g`animat” qabilida ish ko`radigan, qorong`ida topishadigan ma`naviy ko`rlar uchun bu tadbirlar ayni muddao bo`lmoqda. Keksa onaxonlar sumalak tayyorlash, erkaklar o`tin yorish va o`choqqa o`t qalash bilan ovora bo`lib turganlarida, ularning o`g`il-qizlari qorong`i, pana joylarda bir-birlarining pinjiga kirib, ko`ngilxushlik bilan mashg`ul bo`ladilar.
Albatta, bunday fursatdan “unumli” foydalanadigan yana bir toifa kishilar borki, ularning har qanday ziyofat, yig`in, tadbir yoki o`tirishlardan asosiy ko`zlagan maqsadlari yagona. U ham bo`lsa, o`rtaga pul tashlab, mast qiluvchi ichimliklarni sotib olib, kayfu safo bilan ovora bo`lishdir. Albatta, bunday ichimliklar o`zining ishini qilmay qo`ymaydi. Janjal-to`polon, ko`ngilxiralik yuzaga keladi.
Maqsadimiz – barchaning sevimli taomi bo`lgan sumalakni qoralash emas, balki u bahona sodir etilayotgan bedodlik, odobsizlik, ma`naviyatsizlik, iymonsizlik va milliyligimiz, or-nomusimizga mutlaqo to`g`ri kelmaydigan bid`at-xurofotlar, sodir etilayotgan hodisalar haqida eslatib qo`yishdir. Shunday ekan, sumalak tayyorlash jarayoniga ham ota-bobolarimiz kabi yondashaylik: bu marosim to`s-to`polon, kayf-safo bilan emas, ahillik, inoqlik bilan o`tsin. Har xil xurofiy urf-odatlarni tatbiq etmaylik. Isrofdan tiyilaylik.
Ishoqjon BEGMATOV
O`MI rasmiy sayti






