Vashingtonning mashhur Meridian xalqaro markazida Ozarboyjon, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Turkmaniston hamda O`zbekiston elchixonalarining tashabbusi bilan Navro`z bayrami keng nishonlandi, deb xabar berdi News.day.az nashri.

Navro`z bayrami tadbirida diplomatik korpus vakillari, Amerika jamoatchilik vakillari, hamda AQSh kongressi ma`muriyatining rasmiy shaxslari ishtirok etishdi.

Markaz rahbari Styuart Xolidey Navro`z bayrami qadimiy bayramlardan biri bo`lib, tabiat yangilanishi, bahor, do`stlik va tinchlik ramzi ekanligi haqida gapirdi.

Amerika markazida olti davlatning birgalikda Navro`z bayramini nishonlashi do`stlik va hamkorlikning yorqin namunasidir. Styuart Xolidey Navro`z xalqlarni, millatlarni birlashtiruvchi bahor bayrami ekanligini ta`kidladi.

Tadbirda O`rta Osiyo san`at ustalari ishtirokidagi katta bayram konserti bo`lib o`tdi. Shu bilan birga, barcha Osiyo xalqlarining milliy taomlari namoyish etildi.

Navro`z bayramini birga nishonlash an`anasi turkiyzabon mamlakatlarning birdamligini dunyo xalqlariga yana bir bora isbotladi. Bunga turkiy tilda so`zlashuvchi davlatlarning “Buyuk ipak yo`li” doirasidagi iqtisodiy, siyosiy va ma`naviy hamkorligi ham yorqin misoldir.







