O`zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko`ra, oilaviy sirlarni oshkor etgan shaxsga nisbatan ma`muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati xabar qilmoqda.
Xususan, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 46-1-moddasiga ko`ra, shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to`g`risidagi ma`lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig`ish yoki tarqatish eng kam ish haqining 10 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
Ushbu modda bilan ma`muriy javobgarlikka tortilgan shaxs yana shunday harakatni amalga oshirsa, Jinoyat kodeksiga muvofiq eng kam oylik ish haqining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.






