Bugun umumta`lim maktablarining 9-10-sinf o`quvchilari o`rtasida fan olimpiadasining Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat bosqichi boshlandi. Bu haqda O`zbekiston Xalq ta`limi vazirligi axborot xizmati xabar qildi.
Mazkur olimpiada 22 ta fan bo`yicha 3 ta bosqichda: maktab, tuman (shahar) va viloyat bosqichida 9 va 10-sinf o`quvchilari o`rtasida o`tkaziladi. Bu yilgi viloyat bosqichida 13 mingdan ortiq o`quvchi o`zaro bellashmoqda.
Fan olimpiadasining III (viloyat) bosqichi ikki turda: 23 mart kuni yozma ish va 24 mart kuni test sinovi ko`rinishida tashkil etiladi.
"Xalq ta`limi vazirligi tomonidan fan olimpiadasining yo`riqnoma va Nizom talablari asosida va adolatli o`tkazilishi qat`iy nazoratga olingan", — deyiladi xabarda.
Umumta`lim fanlari bo`yicha olimpiadaning III (viloyat) bosqichida har bir fandan 76 balldan yuqori natijalarga erishgan o`quvchilar g`oliblikni qo`lga kiritadi. Fan olimpiadasi g`oliblari hududiy tashkiliy qo`mitasining faxriy yorliqlari va esdalik sovg`alari bilan taqdirlanadi.
Vazirlik axborot xizmatining bildirishicha, umumta`lim fanlari bo`yicha olimpiada o`quvchi-yoshlarning iste`dodi va ijodiy qobiliyatini aniqlash, ularni rag`batlantirish, o`quvchilarda o`zlari tanlagan fanlar va ixtisosliklarni chuqur o`rganishga qiziqishlarini oshirish, kelajakda kasblarni to`g`ri tanlashiga ko`maklashish maqsadida tashkil etiladi.