1

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti: Sil kasalligining tarqalishi kutilganidan ham ko`ra tezlashib bormoqda

Dunyo 24.03.2018, 08:40
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti: Sil kasalligining tarqalishi kutilganidan ham ko`ra tezlashib bormoqda

24 mart kuni Jahon Silga qarshi kurash kuni

Jahon Sog`liqni saqlash Tashkiloti tashabusi bilan har yili 24 mart kuni Jahon Silga qarshi kurash kuni (World Tuberculosis Day) nishonlanadi. Bu kun 1982 yildan beri Jahon Sog`liqni saqlash tashkiloti va Silga qarshi kurash Xalqaro Uyushmasi tashabbusi bilan o`tkaziladi. 1998 yilda Jahon Silga qarshi kurash kuni BMT tomonidan rasman qo`llab-quvvatlandi.

Ma`lumki, sil kasalligi 1993 yilda global muammo deb e`lon qilingan edi. Jahon Silga qarshi kurash kunini nishonlashdan ko`zlangan asosiy maqsad global epidemiya to`g`risida odamlarni ogohlantirish va bu kasalikni tag tomiri bilan yo`q qilishga e`tibor qaratishdan iborat.

Bu kunning tanlanishi bejiz emas. Chunki nemis mikrobiolog olimi Robert Kox (Robert Koch) 1882 yilning 24 mart kuni sil tayyoqchalarini kashf qilgan edi. O`shanda u Berlin Fiziologiya jamiyatida ma`ruza qilar ekan, kasallikni qo`zg`atuvchi mikobakteriyalar yoki Mycobacterium tuberculosis (Kox tayyochasi) xaqida ma`lumot bergan edi. 1882 yilda nemis mikrobiologi Robert Kox kasallik chaqiruvchi — tayoqchalarni ko`rish, aniqlash, tasvirlash imkonini beruvchi usulni kashf etdi. 1905 yilda olim bu kashfiyoti uchun Nobel mukofotiga sazovor bo`ldi. Nobelga loyiq ko`rilgan yana bir ixtiro — rentgen nuri kasallik darajasini aniqlash imkonini berdi. O`tgan asrning 30-yillari kasallikka qarshi ilk antibiotiklar tayyorlandi. Biroq bunday dori vositalari sil mikobakteriyasiga qarshi kurashishda yaxshi samara bermadi. Faqat 1943 yilga kelib sil mikobakteriyasi ko`payishining oldini oluvchi dori vositasi — streptomisin kashf etildi. Uning kashfiyotchisi Selman Vaksman 1952 yilda Nobel mukofoti bilan taqdirlandi.

Bu tibbiyot sohasida chinakam inqilob bo`ldi — kasallik chaqiradigan Kox tayoqchasiga bevosita ta`sir o`tkazish vositasiga aylandi. Keyinroq boshqa dori vositalari, xususan, 1966 yildan rifampisindan ham foydalanila boshlandi. O`tgan asrning 70-yillarida ftiziatrlar davolash “chizmasi”ni ishlab chiqdi.

Qadimda sil nasldan-naslga o`tuvchi irsiy kasallik deb hisoblangan. Aslida u odamdan odamga havo-tomchi yo`li orqali yuqishini hech kim bilmagan. Sharqning mashhur allomasi, tabobat ilmi sultoni Abu Ali ibn Sino o`zining “Tib qonunlari” asarida silning tashqi omillar ta`sirida yuqishi mumkinligi haqida fikr bildirgan. Darhaqiqat, asosan o`pka faoliyatini izdan chiqaruvchi “sil tayoqchalari”(mycobacterium tuberculosis) bakteriyasi sil kasalligi qo`zg`atuvchisi sanaladi. Mikroblar bemor yo`talganda, aksirganda, qattiq gaplashganda atrofga tarqaladi. Bu ko`zga ko`rinmas zarralarda minglab sil tayoqchalari bo`ladi. Sil mikobakteriyalari mavjud bo`lgan havodan nafas olgan kishining immuniteti past bo`lsa, xastalikni yuqtiradi.

Sil — uzoq muddat davolanishni talab etadigan kasallik. Ambulator sharoitda bemorlar har kuni sil kasalligiga qarshi kurashish dispanserlariga borib, kunlik dorini qabul qilishlari kerak. Silga ko`pincha nochor hayot kechiradiganlar kasalligi deb qaralardi. Biroq bugungi kunda, hatto farovon hayot kechirayotgan odamlar ham unga chalinishi mumkin. Bunga kasallik avj olgan mintaqalarga aholi migrasiyasining kuchayayotgani sabab bo`lmoqda. Qolaversa, kuchli ruhiy zo`riqish ham bunda muhim omil bo`layotir. Organizmi holsiz bo`lib qolgan odamlar sil mikobakteriyalari ta`siriga tez tushib qoladi. Taniqli olim Nikolay Gamaley o`z vaqtida sil tayoqchasiga bejiz “dahshatli zirhlangan” deb ta`rif bermagan edi.

Sil — asrlar davomida insoniyatga ma`lum yuqumli xastalik. Eramizdan avvalgi V asrda qadimgi yunon olimi Gippokrat silga o`sha davrda eng keng tarqalgan kasallik sifatida ta`rif bergan. U kasallikka qarshi chora yo`qligi, bemorning o`limi shifokorlarning obro`siga putur etkazmasligi uchun hamkasblariga sil kasalligiga chalinganlar oldiga bormaslikni maslahat bergan. Sil kasalligini davolash yo`lida ilk qadamni shu xastalikka chalingan nemis olimi German Bremer qo`ygan.

Shifokorlar unga tabiati so`lim joylarga borib hordiq chiqarishni tavsiya etadi. Bremer esa Himolay tog`lariga sayohat qilib, o`z yurtiga tuzalib qaytadi. Shundan so`ng u tibbiyot bilan astoydil shug`ullana boshlaydi. 1854 yilda o`z davrining shov-shuviga sabab bo`lgan “Sil — davosi bor kasallik” mavzusida dissertasiya himoya qildi. 1859 yilda Bremer Gryobersdorfda sil kasalligiga chalinganlarni davolashga mo`ljallangan dunyodagi ilk sanatoriyaga asos soldi.

Tahlilchilarning fikricha, bugungi kunda sil kasalligi tufayli bir yilda 1 million 600 mingga yaqin kishi vafot etadi. Xalok bo`layotganlarning katta qismini, to`g`rirog`i 95 foizga yaqinini rivojlanayotgan mamlakatlar aholisi tashkil qiladi. Ma`lumotlarga ko`ra, boshqa kasalliklardan ko`ra har yili sil kasalligi tufayli ko`proq odamlar vafot etar ekan. Sil bilan bog`liq ayanchli vaziyat Afrika mamlakatlarida kuzatiladi. Jahonda kuzatilayotgan sil kasaligining 29 foizi, kasalik tufayli vafot etayotganlarning 34 foizi Afrika hissasiga to`g`ri keladi. So`ngi 15 yil mobaynida silga chalinuvchilar soni mazkur qit`ada ko`payib borayotganidan xavotir olinadi. Ayni damda Afrikada har yuz ming kishidan 343 nafari sil kasalligiga chalingan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2015 yilda 2030 yilgacha mo`ljallangan Barqaror Taraqqiyot maqsadlari deb nomlangan xujjat qabul qildi. O`rtaga tashlangan maqsadlardan biri global sil epidemiyasini yo`q qilishdan iborat. 2014 yilda Jahon Sog`liqni saqlash Tashkilotining oliy organi bo`lmish Assambleya global epidemiyaga qarshi kurashga qaratilgan — 2016-2035 yillarga mo`ljallangan 20-yillik strategiya qabul qildi. Qabul qilingan strategiya doirasida 2030 yilga borib sil kasalligi tufayli o`limlarni 90 foizga kamaytirish, kasallikni esa 80 foizga qisqartirish ko`zda tutilgan. Mutaxassislarning fikricha, sil bilan bog`liq o`limlarning oldini olish mumkin. Buning uchun tibbiyot sohasiga moliyalarni ayamaslik, yangi dorilarni yaratish kerak. Jahon Sog`liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Margaret Chenning fikricha, kasallika qarshi kurash ko`ngillarni shod qiladi, ammo jahon mamlakatlari epidemiyaga barham berish niyatida bo`lsa, u xolda tibbiy xizmatni yaxshilashlari kerak.

Silga qarshi global kurash to`g`risida e`lon qilingan Hisobotga qaraganda, dunyo aholisining uchdan bir qismi sil bakteriyasiga ega. Kasallik immun tizimi zaif bo`lgan insonlarda tez tarqaladi. Sil kasalligi odamdan odamga havo orqali yuqadi. Sil mikobakterial tayoqchalari organizmga asosan nafas yo`llari orqali kirgani uchun kasallik odatda o`pkaga salbiy ta`sir qiladi. Bemor yo`talganda, aksirganda, gapirganda yoki tupurganda kasallik havo orqali (yuqadi) tarqaladi. Yo`talish, aksa urish orqali sil bakteriyalari havoga chiqadi. Silga chalingan bemor bakteriyani 10–15 kishiga yuqtirishi mumkin. Tamaki chekish sil kasalligini yuqtirishni tezlashtiradi. Silga chalinish bilan bog`liq hodisalarning 20 foizi aynan tamaki chekish oqibatida kelib chiqadi.

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ekspertlarining fikricha, kasallikning tarqalishi avval kutilganidan ham ko`ra tezlashib bormoqda ekan. Sil o`limga olib keluvchi 10 ta kasallikning biri ekani tan olingan. Kasallarning 60 foizi oltita mamlakat hissasiga to`g`ri keladi. Bu borada Hindiston oldingi o`rinlarda turadi. Undan keyin esa sil bilan bog`liq vaziyat Indoneziya, Xitoy, Nigeriya, Pokistan va Janubiy Afrika Respublikasida ayanchli ekani aytiladi. 2015 yilda 1 million nafar bola silga chalingan bo`lsa, ularning 170 mingi vafot etdi.

2000 yildan boshlab silga chalinish bilan bog`liq vaziyat yiliga 1,5 foizga qisqarayotgani aytiladi. 2020 yilga borib bu qisqarish 4–5 foizni tashkil qilishi borasida sa`y-harakatlar qilinmoqda. Sil– sil mikobakteryalari qo`zg`atadigan xavfli va yuqumli kasallik bo`lib, noto`g`ri davolanganda uzoq vaqt ishga layoqatsizlik, nogironlik va hatto o`limga olib kelishi mumkin. Agar o`pka siliga chalingan bemor o`z vaqtida davolanmasa, aksariyat o`pkaning yuqori bo`laklarida mayda o`choqchalar paydo bo`lib, ba`zan butun o`pkaga tarqalari va o`pkaning bir qismi iriydi. O`pka silidan tashqari suyak, bo`g`im, limfa tugunlari, hiqildoq, buyrak, ichak, teri sili ham uchraydi. Sil kasalligi o`z vaqtida va to`g`ri davolansa, bemor butkul tuzalib ketadi. Sil kasalligini davolash va undan batamom halos bo`lish mumkin. Buning uchun bemor shifokorlarga murojaat qilishi va davolash kursini o`tashi kerak.

Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, turli yuqumli kasalliklarning oldini olish borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda va ular o`z hayotiy samaralarini bermoqda. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 5 martda qabul qilingan “2011-2015 yillarda O`zbekiston Respublikasida sil kasalligi bilan kasallanishni kamaytirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori doirasida bu sohadagi tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda. Jahon tibbiyotining ilg`or usullari va vositalaridan samarali foydalanilmoqda.

Sharofiddin To`laganov , O`zA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1