Pop tumani “Yangier” mahalla fuqarolar yig`inida yashovchi, 1949 yilda tug`ilgan, pensioner Shirmonoy Mirzaahmedova Fuqarolik ishlari bo`yicha Chust tumanlararo sudiga murojaat qilib, uzoq yillardan buyon yashab kelgan uy-joyiga kiritib qo`yish to`g`risida da`vo arizasi kiritgan.
23 mart kuni Pop tumanidagi mahallalarda va oilalarda ijtimoiy-ma`naviy muhitni o`rganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko`maklashish bo`yicha tashkil etilgan Respublika ishchi guruhi ishtirokida “Yangier” MFYdagi 52-maktabda sayyor sud majlisi ochiq tartibda, sudya Iqbol Ko`chkinova tomonidan o`tkazildi. Unda keng jamoatchilik ham ishtirok etishdi.
Shirmonoy aya 1980 yil 10 aprelda Rustamjon Kurchiev bilan shar`iy nikohdan o`tadi. 5 nafar farzandli Rustamjon akaning birinchi xotini vafot etgani sababli unga ikkinchi xotin sifatida turmushga chiqadi. Ular orasida farzand dunyoga kelmaydi va oila boshlig`i 2006 yil 30 mayda olamdan o`tadi.
– Men turmushga chiqqanimda bu bolalar jujuq edi. Oq yuvib, oq tarab, mushtdayligidan voyaga etkazdik, uyli-joyli qildik, – deydi da`vogar Shirmonoy Mirzaahmedova eshituv chog`ida. – 1984 yilda er uchastkasini olib, uch yildan keyin uni qurib-bitkazib, uyga ko`chib kirdik. Yillar davomida uyga qo`shimcha xonalar, omborxonalar qurdik. Ammo bugungi kunga kelib, o`gay qizim Turdinisa Qurchieva, uning qizi Bashorat Qurchieva meni o`z uyimga sig`dirmasdan ko`chaga haydashdi. Men Turdinisaning birinchi nikohidan bo`lgan qizi Bashoratni u keyinchalik boshqa nikoh qurgach, o`zim katta qilib oldim. Oltinchi bor nikohdan ajrab kelgach, bu uyga meni sig`dirmay qo`ydi. 4-5 oydan buyon Ko`rnos qishlog`idagi ukamni uyida yashab yuribman. Eng katta xatoyim bularning otasi bilan qonuniy nikohdan o`tmasdan, shar`iy nikoh qurib yashaganim bo`lib chiqayapti. Rahmatli erim agar farzand tuqsang nikohdan o`tamiz deb yurdilar. Ammo bu shirin orzu armon bo`lib qoldi. Endi uyga egalik qilish huquqim ham yo`q ekan. Nahotki, mening o`zimiz qurgan uyda yashash huquqim bo`lma-sa?! Oqibat shumi? Siz tug`madingiz, uyga egalik qila olmaysiz deyishmoqda. Tuqqan ona ona ekanu, boqqan ona ona emasmi? Men suddan adolat so`rayman.
– Da`vo arizasi bilan tanishganmiz, – deydi sudda javobgar sifatida qatnashgan Turdiniso Qurchieva. – Onam, Ozoda Qurchieva vafot etgach, otam bu ayolga o`ylandi. O`gay ona baribir begonaligi sezilar ekan. Bu ayol oilamizga kelgani bilan foydasi kam tegar edi, 5 ta jonning ust-boshini o`zim yuvib, o`zim tarar edim. Hayotda juda qiynaldim, baribir hech kim senga tuqqan onang kabi bo`lmas ekan. Ma`lumotli bo`lmaganim sababli hayotda juda qiynaldim. Birinchi turmushim yaxshi bo`lmadi. Rossiyaga borib ishladim. Topgan pulimni bu kishiga yuborar edim. Ammo maqsadli sarflamadi. 2017 yil sentyabrda uyga qaytib keldim. Ammo kampir meni uy daftariga ro`yxatga qo`ydirmadi. Asabbuzarliklar, tushunmovchiliklar va doimiy nizolar borgan sari ko`payaverdi. 2017 yil oktyabr oyida uydan chiqib ketgach, qaytarib olib keldik. Ammo yana chiqib ketganicha, qaytib kelmadi. Mana endi sudga berib, bizni sharmanda qilib o`tiribdi. Biz birga yashashga qarshi emasmiz, ammo nomimizni qo`ni-qo`shni va mahalla-kuyda yomonotliq qilmasa bo`ldi. Davlat qanday qaror chiqarsa qarshiligim yo`q.
– Meni mana bu ayol tuqqan. Ammo Shirmonoy ayam meni boqib katta qilgan, – deydi javobgar 24 yoshli Bashorat Qurchieva. – Bu mojaro tufayli ruhiy qiynalib, hatto o`z jonimga qasd qilish darajasiga etdim. Tog`amnikiga ham ketib qolmoqchi bo`ldim. Onam turmush qilgan ugay otamnikiga ham ketib qolish niyatida edim. Mana voyaga ham etib qoldim. Ammo uyatdan, nomusdan boshimni ko`tara olmay qoldim. Onam va ayamni yarashtirmoqchi bo`ldim, ammo bularni hech suhbati qur emaydi. Bir-biri bilan sira chiqisha olmaydi. Uy-joy kerak bo`lsa, buvim nega ketib qoladilar. Agar uyga kiritsak, Xudo ko`rsatmasin biror kor-hol bo`lib qolsa bormi, boshimiz naqad baloga qoladi-ya. Shu sababli men birgalikda yashashimizga qarshiman.
Sudya Iqbol Ko`chkinova taraflar tushuntirishlarini atroflicha tinglab, ish hujjatlarini atroflicha tahlil qilib, hal qiluv qarorini chiqardi. Da`vogar uy-joydan va binodan foydalanish huquqiga egaligi sababli yashab turgan uyiga majburiy tartibda kiritishga qaror qilindi. Bu qaror bo`yicha appelyasiya va kassasiya tartibida murojaat qilish mumkinligi aytib o`tildi. Mol-mulkka egalik huquqi bo`yicha esa alohida tartibda sudga murojaat etish mumkinligi tushuntirildi.
Sayyor sud ishida ishtirok etarkansiz, garchi ugay ona bo`lsa-da, lekin bolalarni yoshligidan boqib, katta qilgan ayolning 70 yoshga etganida ko`chaga haydab yuborilishi hech bir ma`naviy qadriyatlarimizga va insoniy mezonlarga mos emasligi, oqibat va mehr ko`rsatishdik ezgu fazilatlarimizga zidligiga guvoh bo`lamiz, deb yozadi O`zA.
Xo`p, sudning qarori bilan keksa ayol uyiga qaytarildi, ammo bu bilan notinch oiladagi muammo o`z echimini uzil-kesil toparmikan? Meros bo`yicha yangi mojarolar boshlanib ketmaydimi?
Sayyor sud majlislari tobora ortib borayotgani quvonarli. Fuqarolik ishlari bo`yicha Chust tumanlararo sudi 2017 yilda 3321 ta ishni ko`rgan bo`lsa, Chust, Pop, To`raqo`rg`on tumanlarida mahallalarga chiqilib, sayyor sudlarda ko`rilgan ishlar soni 799 tani tashkil qildi. Bu esa aholiga katta qulaylik yaratib, ularda ishtirok etayotgan tinglovchilarning huquqiy ongini yuksaltirishga, mas`uliyat va majburiyatlarini chuqur anglab etishga xizmat qiladi.






