Buxoro shahridagi Poyi Ostona ko`chasida yashovchi Marhabo Ikramovaning uyiga o`g`ri tushdi. Noma`lum shaxs mehmonxonada bekitib qo`yilgan umumiy bahosi 31 million 688 ming so`mlik turli xildagi tilla taqinchoqlar, 1 ming 800 AQSh dollari hamda 100 ming so`m miqdordagi pulni o`marib ketadi.
M.Ikramova bu haqda shahar ichki ishlar boshqarmasiga yozma ravishda murojaat qilib, yordam so`raydi.
Osoyishtalik posbonlari holatni o`rganib, olib borgan surishtiruv ishlari o`z samarasini beradi. O`g`rining shaxsi aniqlandi. O`g`ri Shofirkon tumani sobiq Sh.Hamroev nomidagi mahalla fuqarolar yig`ini hududidagi qishloqlardan birida yashovchi, 23 yoshli Mehrulla G`aybullaev (ism -familiyasi o`zgartirildi) bo`lib chiqdi.
Buxoro tumani Dehcha mahallasida yashovchi Mashhura Yuldashevaning uyiga ham o`g`ri tushib 8 million 120 ming so`mlik tilla taqinchoqlarini o`marib ketgan.
Tuman ichki ishlar bo`limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv natijasida o`g`ri qo`shnilardan biri 45 yoshli Umrbek Pirnazarov(ism -sharifi o`zgartirildi) ekanligi ma`lum bo`ldi.
Tekin boylik vasvasasiga berilgan kimsa o`zini sharmandalik jarligiga mahkum etadi. Kimdir qilgan ezgu ishi mukofoti ya`ni duo olib, obro` topadi. Birovning mulkiga, tilla buyumlariga ko`z olaytirguvchi yuqorida qilmishlari tilga olingan shaxslarning sha`ni bir pul.
O`zA xabariga ko`ra, yuqoridagi ikki holat bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169 -moddasi 2- qismi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






