Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zMU Biologiya fakulteti talabalari uchun amaliy ko`rgazmali ochiq innovasion dars bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Fiziologiya va biofizika kafedrasida o`tkazilgan jarrohlik o`quv amaliyotida quyon ingichka ichagida ovqat hazm qilish jarayoni ustida olib borilayotgan izlanishlar ko`rsatib berildi.
Yurtimizda birinchi marta o`tkazilgan o`quv jarrohlik amaliyotida kafedra o`qituvchilari, talabalar va magistrlar assistentlik qilishdi.
Fiziologiyada o`tkir va surunkali tajriblar o`tkazish, hayvonlarda tajribalar o`tkazishning inson salomatligini barqaror saqlash va tiklashdagi ahamiyati, vatandoshimiz, tibbiyotning asoschisi Abu Ali ibn Sinoning jarrohlik usullari, keyinchalik talabalar bu tirik quyon organizmida (in vivo) fiziologiya fanidan turli mavzularda kurs ishlari, diplom ishlari, magistr va izlanuvchilar dissertasiya ishlarini amalga oshirishlari mumkinligi haqida ma`ruzalar qilindi.
So`ngra narkoz berib uxlatilgan quyon jarrohlik stoliga o`tqazilib, qorin bo`shlig`ini ochish, ingichka ichakning 10 santimetr qismini izolyasiya qilib ajratish, ingichka ichakning kesilgan kismini bir biriga ulash (anastomoz), izolyasiya qilingan ichakning ikkala qismiga fistulalarni (naychalarni) o`rnatish va tikish, ochilgan qorin bo`shlig`ini yopib tikish, tikilgan maydonni yana bir bor sterillab, yod yoki brilliant yashili (zelyonka) surish kabi amaliyotlar bajarildi.
Muvaffaqiyatli jarrohlikdan so`ng quyon yana sabzi eyishni boshladi.
Qayd etish kerakki, 1 soat 10 daqiqa davom etgan jarrohlik amaliyoti kelgusida fiziologik jarayonlarni, shu jumladan tabiiy sharoitlarda ingichka ichakda hazm jarayoni va so`rilishni uzoq muddat o`rganish imkonini beradi.






