O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida yosh sharqshunoslarning akademik Ubaydulla Karimov nomidagi XV ilmiy-amaliy konferensiyasi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Mamlakatimizning etakchi oliy o`quv yurtlaridan 90 ga yaqin akademik va professorlar, yosh olimlar ishtirok etgan anjumanda buyuk allomalarimizning ilmiy merosi va falsafiy qarashlarini o`rganish, me`moriy yodgorliklar tarixi, sharq xalqlari adabiyotining ommalashuvi va ma`naviy-badiiy qirralari, o`zbek tilshunosligidagi tadqiqotlar jarayoni, sharqshunos olimlarining hayoti va ijodi kabi dolzarb masalalarda ma`ruzalar tinglandi.
– Konferensiyaning an`anaviy tarzda o`tkazilishi yosh olim va tadqiqotchilar malakasini oshirish, ularni ilmiy jarayonlarda kechayotgan o`zgarishlar bilan yaqindan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori, tarix fanlari doktori Bahrom Abduhalimov. – Yosh olimlarning ma`ruzalari haqida ustozlar iliq fikr bildirdi va ayrimlari qizg`in muhokamalarga sabab bo`ldi. Bunday ilmiy mashvaratlar yosh olimlarning kelgusi ilmiy faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti professori, falsafa fanlari doktori A.Erkinovning akademik Aziz Qayumov hayoti va faoliyatiga bag`ishlangan ma`ruzasi anjuman ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Tabdir yakunida eng yaxshi ma`ruza mualliflari rag`batlantirildi.
05.04.2018 14:05
Yosh olimlarimizning ma`ruzalari qizg`in muhokamalarga sabab bo`ldi






