AsosiyJamiyat

39 fuqaro 5 million so`mdan ortiq jarimaga tortildi

'39 fuqaro 5 million so`mdan ortiq jarimaga tortildi'ning rasmi

Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida Prezidentimizning 2017 yil 23 maydagi “Ichki ishlar organlari yong`in xavfsizligi bo`linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlashga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Har hafta chorshanba kunlari tuman ichki ishlar bo`limi yong`in xavfsizligi bo`linmasi tomonidan hokimlik, favqulodda vaziyatlar bo`limi vakillari bilan hamkorlikda mahallalar, ta`lim muassasalari, tashkilot va korxonalarda o`tkazilayotgan profilaktika tadbirlarida yong`in xavfsizligi bo`yicha zarur tavsiya va ko`rsatmalar berilmoqda, deb yozadi O`zA.

Joriy yilning o`tgan 3 oyida soha xodimlari tomonidan yong`inlar profilaktikasi tadbirlarida 77 davlat tashkiloti va muassasa, 65 tadbirkorlik sub`ekti, 12 mahalla fuqarolar yig`ini, 3 kasb-hunar kolleji, 18 umumta`lim maktabi, 7 maktabgacha ta`lim muassasasi hamda 1 ming 395 aholi xonadoni yong`in-texnik holati o`rganildi. Aniqlangan kamchiliklar bo`yicha korxona va tashkilotlar rahbarlariga taqdimnoma, axborotnomalar kiritildi. Kamchilik va nuqsonlarni tezkor bartaraf etish bo`yicha aniq muddatlar belgilandi.

– Aholi xonadonlarining yong`in xavfsizligi holatini tekshirish jarayonida 11 mingdan ziyod fuqaro bilan yong`in xavfsizligi qoida va talablariga rioya etish bo`yicha profilaktik suhbatlar o`tkazilib, yo`riqnomalar berildi, – deydi Oqoltin tumani IIB yong`in xavfsizligi bo`linmasi boshlig`i, kapitan D.Ulashov – Bu ishlar o`z samaralarini berib, yong`inlar soni o`tgan yilning shu davriga nisbatan ancha kamaydi. 2017 yilda xodimlarimiz tomonidan o`tkazilgan yong`in profilaktikasi tadbirlari natijasida yong`in xavfsizligi qoidalarini buzgan 80 nafar shaxsga 4 million so`m jarima choralari qo`llanilgan bo`lsa, joriy yilning birinchi choragida 39 fuqaro 5 million 112 ming 180 so`m miqdorida ma`muriy jarimaga tortildi. Shuningdek, yong`in xavfsizligiga rioya qilinmagan 26 bino va inshoot faoliyati vaqtincha to`xtatildi.

Tuman yong`in xavfsizligi bo`linmasida mavjud muammolar to`g`risida murojaatlarni qabul qilish va bartaraf etish maqsadida tadbirkorlar uchun “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etilgani bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Profilaktika tadbirlari natijasida hududdagi aholi xonadonlari, ijtimoiy soha ob`ektlari va boshqa tashkilotlarda yong`in bilan bog`liq noxush holatlar kamayishiga erishilmoqda.

    Boshqa yangiliklar