AsosiyJamiyat

Bo`stonliqlik ishbilarmon tog`da tuya boqish sirini ochdi (foto)

'Bo`stonliqlik ishbilarmon tog`da tuya boqish sirini ochdi (foto)'ning rasmi

Bo`stonliq tog`larida sahro jonivorlari podasini ko`rsangiz hayratlanmang, bu Ilhom tuyachining suruvlari.

Mutaxassislar tuya sutini sog`ilgan zahotiyoq issiqligida ichilishi kerak, shundagina uning foydali xususiyatlari ortadi, deyishadi. Tabiblar tuya sutini tartib bilan uzoq kun ichishni tavsiya qilishadi. Asosan, cho`l jonivori sanaladigan «sahro kemalari» oqligini iste`mol qilish uchun shuncha kun jazirama hududlarga borib davolanish ancha mushkul.

Mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, ishbilarmonlikning yangi yo`nalishiga qo`l urgan poytaxt viloyati Bo`stonliq tumani Chimboyliq qishlog`idan Ilhom Ro`ziboev shifotalab odamlarning og`irini engil qilish bilan birga, «sahro kemalari» tog`da ham «suzishi» mumkinligini amalda isbotladi, deb yozadi O`zA.

07.jpg

Ilhom aka Bo`stonliq tog`larida tuyaning sevimli ozuqasi hisoblangan yantoq ko`p o`sishini hisobga olib, dastlab sinov uchun 2014 yilda Qoraqalpog`istondan bir bosh tuya olib keldi. Jonivor tog`da o`zini yaxshi his etganini ko`rgan tadbirkor yana o`n bir bosh qo`shdi. Bugunga kelib tuyalari soni 60 boshga etib qoldi. Ayni paytda 16 bosh sog`in tuyadan kuniga 70–80 litrgacha sut sog`ib olinyapti. Bozorda ularning har litrini 20 ming so`mdan sotmoqda. Bundan tashqari, tuya junidan uy sharoitida to`qilayotgan ro`mol, belbog`, paypoqlarning ham bozori chaqqon. Eng muhimi, oila a`zolarining bari foydali mehnat bilan band.

– Tuyachilik yaxshigina daromad keltirsa-da, tog`li hududda ularni boqish har kimning ham qo`lidan kelavermas ekan, – deydi I.Ro`ziboev. – Chunki o`ziga yarasha tashvishlari bor, albatta. Dastlab ish boshlaganimizda qo`shnilardan «haybati qo`rqinchli», «bo`kiraverib tinchlik bermaydi», kabi shikoyatlar ham bo`ldi. Shuni hisobga olib, tog` etagida tuyaxona qurdik. U erga 5-6 ta maxsus vagon joylashtirib, shifotalablar uchun yotib tuya sutidan iste`mol qilishlari uchun sharoit yaratganmiz. Tog` giyohlarini iste`mol qilgan tuya sutining shifobaxshligi ortarkan. Odamlar shifo izlab hatto Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlaridan ham kelishmoqda. Bir oy davomida ularni tuya suti yordamida davolashga harakat qilyapmiz.

09.jpg

Mutaxassislarning ta`kidlashicha, tibbiyotda tuya suti va peshobi jigar sirrozi, nafas qisishi kabi og`ir xastaliklarga davo. Ushbu mahsulotlar qirq kun davomida tartib bilan iste`mol qilinsa, qonni tozalaydi, qon tarkibidagi qand miqdorini me`yorlashtiradi, teri rangini tiniqlashtiradi. Tuyaning juni, go`shti, hatto tezagigacha shifobaxsh ekani tabobatda isbotlangan. Ba`zi kasalliklarni davolash uchun tuyalar orasida yotish ham tavsiya etiladi.

Yosh, semiz tuya go`shti to`yimliligi jihatidan qoramol go`shtidan qolishmaydi. Erkak tuyalarning vazni 700–750 kilogramm, urg`ochilariniki 600–650 kilogramm atrofida bo`ladi. Bir o`rkachli tuyalardan yiliga o`rtacha 2000 kilogrammgacha yog`liligi 4,5 foiz, ikki o`rkachli tuyadan esa yog`liligi 5,4 foiz bo`lgan 1000 kilogrammgacha sut sog`ib olinadi.

Ikki o`rkachli tuyalardan yiliga 5–10, bir o`rkachlilardan 2–4 kilogramm jun olish mumkin. Sifatiga ko`ra, ikki o`rkachli tuyalar juni tarkibida 85 foiz tivit mavjud. Shu bois ular qimmatroq baholanadi. Mahsulotdan junli kiyim-kechaklar, trikotaj, ko`rpalar tayyorlanadi. Erkak tuyalar urg`ochilariga qaraganda ko`proq jun beradi.

10.jpg

Tuyalar yaxshigina transport vazifasini ham bajaradi. Ular vazniga qarab 200–300 kilogramm yuk bilan soatiga 4,5 kilometr tezlikda, kuniga 35 kilometr yo`l bosa oladi. Ayrim hollarda ularni aravaga qo`shib yuk tashish ham mumkin.

Odatda tuyalardan 20 yoshga kirgunga qadar foydalaniladi. So`ng ularning tishlari edirila boshlaydi va em-xashaklarni to`la hazm qila olmaydi. Bunday tuyalar semirtirilib, go`shtga topshiriladi.

G`azalkentlik tadbirkor bugun tog` sharoitida tuyachilik bilan shug`ullanish istagida bo`lganlardan o`z maslahatlarini ayamaydi:

13.jpg

– Tuyalar tog`li va zax erlarda yashay olmaydi, degan gap noto`g`ri. Faqat ular to`g`ri parvarishlansa, bas. Cho`l va dasht sharoitidagidek dag`al o`t va xashaklar, yantoq kabi o`simliklar asosiy ozuqasi. Jonivorlarga faqat og`ir sharoitda yoki qochirish mavsumidagina joyida pichan va em beriladi. Tuyalar odatda 2–3 yoshligida jinsiy balog`atga etadi. Bu davrda nortuyalarni urg`ochilaridan ajratish lozim. Aks holda ular tez-tez juftlashib, o`sishdan to`xtaydi. Tuyalarning bo`g`ozlik davri har xil bo`ladi. Masalan, bir o`rkachli tuyalarda bu davr 13 oy, ikki o`rkachlilarda esa 14 oyga boradi. Har bir tuya, asosan, bitta bo`taloq tug`adi. Yangi tug`ilgan bo`taloq juda nimjon bo`ladi. U onasidan ajratilgan holda, issiq xonada boqiladi. Har kecha-kunduzda sutkasiga 6–8 martagacha emizilishi lozim. Bo`taloqlar o`sib-rivojlanib borgan sari em-xashakka o`rgatiladi. Ular ikki yoshga etganda 350–400 kilogramm vazn oladi. Bunda ularga har kecha-kunduzda 10–12 kilogramm pichan yoki em berish tavsiya etiladi.

Naqd kelsa, tadbirkorlik kayfiyati ham o`sib borar ekan. Ishbilarmon “Ilhom hidoyat” fermer xo`jaligini tashkil qildi. Xo`jalikda tuyalardan tashqari yigirmadan ko`p yilqi, qo`y-echkilar boqilmoqda. Yaqinda viloyat hokimining qarori bilan fermerga tog`dan 60 gektar er yaylov sifatida ajratildi. Ilhom aka bugungi kunda mo`jaz sanatoriy qurish harakatida yuribdi. Tuman mutasaddilari shijoatli tadbirkorning tashabbusini qo`llab-quvvatlashsalar, ichki turizm rivojiga ham ayni mudao bo`lar edi.

    Boshqa yangiliklar