Ikkinchi jahon urushi yillarida men o`smir qizaloq edim. 14 yoshimda xolam Gavhar Rahimova boshchiligidagi ansamblga qabul qilishgan.
Biz urushda jang qilayotgan askarlar uchun konsertlar, tadbirlar uyushtirar edik. Men hali juda yosh bo`lganim sababli, xor, raqs tomoshalarida qatnashardim. Qo`limizdan jang qilish kelmasa-da, konsertlarimiz orqali askarlar ruhini ko`tarishga urinardik. Bizning qurolimiz ham, jangimiz ham shu edi asli. Bola nigohim bilan urush dahshatini qo`rganman, bahodir jangchilar qiyofasi ko`z oldimda qolgan. Hozir o`sha ansambl a`zolaridan (ular orasida onam ham bor edi) faqat men hayotman.
Konsertlarimizda jangchilarimizning bizga qarab o`z oilamni, opa-singlimni ko`rgandek bo`ldim, deya mehr bilan boqadigan qiyofalarini eslayman. Urush so`zini eshitsam, ko`z oldimga askarlarimizning biz, albatta, g`alaba qozonamiz, degan olovli hayqiriqlari keladi...
Urush deganda yuragim orqaga tortib ketadi. Urush bu ochlik, urush bu azob, dahshat.
Kuni kecha Prezidentimizning 9 may umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kuni va G`alabaning 73 yilligi nishonlanishi munosabati bilan «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag`batlantirish to`g`risida»gi farmoni va «Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarorini eshitib, o`zimni nihoyatda baxtli his qildim. Yurtboshimizga mingdan ming rahmatlar aytaman, Vatanimiz tinchligiga ko`z tegmasin, ilohim. Hujjatlarda aytilgan pul mukofoti, sanatoriyalarga bepul yuborish kabi rag`batlar, bizga bo`lgan e`tibordan quvondik.
Hozir 88 yoshdaman, 68 yildan beri sahnadaman. Shukrki, xalq xizmatini qilib, uning ardog`ida yashash menga nasib qildi. Aslida mehnat samarasini ko`rish ham juda katta baxt. Hukumatimiz, Prezidentimiz, mehribon xalqimiz biz qariyalarni har doim izzat-hurmat qiladi. Hech bir yaxshi kunda unutmaydi. Men Vatanimizda faqatgina urush shamoli tegmagan baxtli avlodlar yashashini, osmonimiz doimo musaffo bo`lishini tilayman.
Yayra Abdullaeva,
O`zbekiston xalq artisti.
O`zA






