1

Nafs girdobi sud majlisi kotibini o`z domiga tortdi

Jinoyat 23.04.2018, 14:04
Nafs girdobi sud majlisi kotibini o`z domiga tortdi

Ma`lumki, bag`rikeng va olijanob xalqimiz bola tarbiyasi va taqdiriga hamisha jiddiy e`tibor qaratib kelgan. Shuning uchun ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalar boshqa yaqinlari yoki vasiy hamda homiylar tomonidan farzandlikka olinib, kamolga etkaziladi.

Rishton tumanida yashovchi Jamoliddin Mardonov (maqolada ism-shariflari o`zgartirilgan) ham turmush o`rtog`i Nazira Mardonova bilan birgalikda 6 yoshli nabirasi Elbek Mardonovni farzandlikka olmoqchi bo`lishdi. Shu maqsadda tuman xalq ta`limi muassasalari faoliyatini metodik ta`minlash va tashkil etish bo`limiga qarashli Vasiylik va homiylik komissiyasi mutaxassisi Orifjon Akramovga uchrashishdi.
– Bolani farzandlikka olish tez hal bo`ladigan ish emas. Mana bu hujjatlarni yig`ib kelasizlar, – dedi mutaxassis ularga kerakli hujjatlar ro`yxati yozilgan qog`ozni tutqazib.
Shundan so`ng Mardonovlar O.Akramov aytgan barcha hujjatlarni tayyorlab taqdim etishdi. Natijada komissiya tomonidan Elbekni farzandlikka olish yuzasidan fuqarolik ishlari bo`yicha Rishton tumanlararo sudiga da`vo ariza kiritildi. Ammo 2017 yil 16 mart kuni mazkur ishni ko`rib chiqqan sud da`voni rad etdi. Negaki, Jamoliddin Mardonovning sudlanganlik holati nabirasini farzandlikka olishiga to`sqinlik qilardi.
Da`voning rad etilishini kutmagan er-xotin juda esankirab qolishdi. Binobarin, oradan bir hafta o`tgach, ular yana najot istab Orifjonning oldiga borishdi.
– Endi nima qilamiz, qanday maslahat berasiz, – deb so`radi Nazira opa.
– Hayotda o`limdan boshqa hamma narsaning iloji bor. Suddagilar bilan gaplashib ko`raman, xarajatidan qochmasanglar bo`ldi, – dedi qonuniy maslahat berish o`rniga nafs amriga binoan fikr yuritgan O.Akramov.
Shu tariqa Orifjon sud majlisi kotibi Adhamjon Yursinov bilan jinoiy til biriktirib, mazkur ishni hal qilish, ya`ni Elbek Mardonovni bobo va buvisi tomonidan farzandlikka olinishi hamda unga yangi tug`ilganlik haqida guvohnoma rasmiytirilishi xususida hal qiluv qarori chiqartirib berish evaziga 200 AQSh dollari undirishga kelishishdi.
– Ikki yuz dollar bersanglar, ishingiz hal bo`ladi, – dedi O.Akramov Mardonovlarni chaqirtirib.
Bu talab Jamoliddin aka va Nazira opani biroz gangitib qo`ygan bo`lsa ham “ish”ning hal bo`lishini o`ylab, tezda bunga rozi bo`lishdi. Buni qarang-ki, “o`lja”ning qarmoqqa ilinganidan xabar topgan sud majlisi kotibi A.Yursinov shu kuniyoq Orifjonnikiga kelib, hali unmagan pul hisobidan 100 AQSh dollarini olib ketdi. Lekin...
Lekin er-xotin Mardonovlar mutaxassis va sud majlisi kotibining talabini yana bir bor o`ylab ko`rishdi. So`ng tamagirlarga qonuniy chora ko`rishni so`rab, Bosh prokuratura huzuridagi SVOJJDLQK departamentining Rishton tuman bo`limiga murojaat qilishdi. Shu bois ertasi kuni mazkur murojaatga asosan tezkor tadbir o`tkazildi. Ya`ni 2017 yil 24 mart kuni soat 15 larda O.Akramov o`z xizmat xonasida N.Mardonovadan 200 AQSh dollarini olayotgan paytda ushlandi. Orifjon aybiga to`liq iqror bo`lib, pullarni Adhamjon bilan jinoiy til biriktirgan holda olganini ma`lum qildi. Shuning uchun unga maxsus ishlov berilgan 100 AQSh dollari va diktafon berildi. Pirovardida mutaxassis A.Yursinov bilan qo`ng`iroqlashib, soat 18 larda uchrashishga kelishib oldi. Aytilgan vaqtda esa sud majlisi kotibi O.Akramovdan sud binosi yonida 100 AQSh dollarini olayotganda qo`lga olindi.
Shundan so`ng har ikkala mas`ul shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “b”-bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi. So`ng mazkur ish jinoyat ishlari bo`yicha Furqat tuman sudida ko`rib chiqilib, aybdorlarga qonuniy jazo tayinlandi.
Endi o`zingiz o`ylab ko`ring: adolat qo`rg`oni sanalgan sud xodimiki, tamagirlik qilsa, yurtdoshlarimizning sud hokimiyatiga, amaldagi qonunlarimizga nisbatan ishonchi qoladimi? Binobarin, Prezidentimiz 2017 yilning 13 iyun kuni sud organlari tizimida odil sudlovni ta`minlash borasidagi ishlarning ahvoli, muammolar va istiqboldagi vazifalarga bag`ishlab o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida yuqoridagi kabi salbiy holatlarga alohida to`xtaldi. Ayniqsa, davlatimiz rahbari fuqarolarning sud idoralarida sarson-sargardon bo`lishining oldini olish, ishlarning o`z vaqtida ko`rilishini ta`minlash shartligini qat`iy uqtirdi. Shunday ekan, har bir sudya va sud xodimi bundan tegishli xulosa chiqarishi kerak. Zero, sud chinakam adolat qo`g`oniga aylanishi zarur.
O.Akramovning qilmishiga kelsak, tuman, shahar hokimliklari hamda xalq ta`limi bo`limi mutasaddilari Vasiylik va homiylik komissiyalariga tamagir xodimlarni emas, balki bola taqdiriga befarq bo`lmagan, mas`uliyatli hamda vijdonli shaxslarni mutaxassislikka tayinlasalar, maqsadga muvofiq bo`lardi.

Oloviddin HASANOV,
jinoyat ishlari bo`yicha Furqat tuman sudi raisi
Xurshid SULTONOV, jurnalist

"Adolat" gazetasidan olindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1