AsosiyJamiyat

Bo`ka tumanida 18 oila yangi uyga ko`chib o`tdi

'Bo`ka tumanida 18 oila yangi uyga ko`chib o`tdi'ning rasmi

Toshkent viloyati Bo`ka tumani “Oltish” mahalla fuqarolar yig`inida har biri 2 sotixdan iborat 3 xonali 18 uy-joy foydalanishga topshirildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, aholi uchun har tomonlama qulay sharoit yaratish va namunaviy loyihalar asosida uy-joylar barpo etishga alohida e`tibor qaratilayotgani ta`kidlandi.

Prezidentimizning 2016 yil 21 oktyabrdagi “2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo`yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to`g`risida”gi qarori ijrosi doirasida qad rostlagan ushbu uy-joylar tumandagi “Abbos” ko`p tarmoqli qurilish firmasi quruvchilari tomonidan bunyod etildi.

Tadbirda uy-joyga muhtoj, imkoniyati cheklangan fuqarolarga namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan uylarning kaliti tantanali ravishda topshirildi.

Bugun Akrom Sulaymonov xonadonida katta tantana. Yangi uy-joylardan birining kaliti unga topshirildi.

– Barcha sharoiti bor yangi uyga ko`chib o`tganimizdan juda xursandman, – deydi A.Sulaymonov. – Oilamiz katta bo`lgani uchun bitta hovlida siqilib yashayotgan edik. Yangi uyga ko`chib o`tayotganimizni eshitib, ayniqsa, onam xursand bo`ldi. Qo`shnilarimizning ko`pchiligi ham o`zimiz kabi yosh oilalar. Uy zamonaviy bo`lishdan tashqari ish joyimizga, maktabga ham yaqin. Xullas, baxtiyor yashash uchun barcha sharoit muhayyo. Bunday e`tibor uchun Prezidentimizdan minnatdormiz.

Joylarda namunaviy loyihalar bo`yicha arzon uy-joylar qurish dasturi amalga oshirilayotgani aholining turmush sharoitini yanada yaxshilash, hudud qiyofasini tubdan o`zgartirishga xizmat qilmoqda. Bunday ezgu ishlar davomi sifatida joriy yilda tumanda yana 36 uy qurilib, uy-joyga muhtoj fuqarolarga ipoteka krediti asosida toshirilishi rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar