AsosiyJamiyat

Toshkentda Turkmaniston milliy ko`rgazmasi bo`lib o`tmoqda (foto)

'Toshkentda Turkmaniston milliy ko`rgazmasi bo`lib o`tmoqda (foto)'ning rasmi

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O`zbekistonga davlat tashrifi doirasida Toshkentda Turkmaniston milliy ko`rgazmasi bo`lib o`tmoqda, deb xabar berdi O`zA.

Unda qo`shni davlatning etakchi korxonalari, kompaniya va tashkilotlari, yirik tadbirkorlik sub`ektlari ishtirok etib, milliy mahsulotlar, iqtisodiyot sohasidagi ilg`or texnologiyalar, xizmatlarni namoyish etmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkmaniston milliy ko`rgazmasi ishtirokchilari va mehmonlariga qutlov yo`lladi.

20.JPG

28.JPG

Ko`rgazmaning ochilish marosimida Prezident qutlovini O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari N.Otajonov o`qib eshittirdi.

Qutlovda O`zbekiston va Turkmaniston – strategik sheriklar ekani, xalqlarimizni ko`p asrlik do`stlik va yaxshi qo`shnichilik rishtalari, umumiy tarix, din va til, madaniyat, urf-odat va an`analar mushtarakligi bog`lab kelayotgani, bugungi kunda mamlakatlarimiz biznes hamjamiyatlari o`rtasidagi izchil ishbilarmonlik aloqalari hamda hududlararo mustahkamlanib borayotgan hamkorlik doirasida keng istiqbollar ochilayotgani ta`kidlangan.

Turkmaniston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar va savdo vaziri D.O`rozmurodov turkmanistonlik ishbilarmonlar uchun O`zbekiston muhim savdo-iqtisodiy hudud ekani, Buyuk ipak yo`lining savdo-sotiq rivojlangan manzilida joylashgan mamlakatlarimiz tadbirkorlari hamkorligining mustahkamlanib borayotgani esa teng manfaatli rivojlanishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

O`zbekiston – Turkmaniston hamkorlik munosabatlari yangi bosqichda mustahkamlanib bormoqda. Bu borada ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlari chog`ida erishilgan kelishuvlarning birgalikda amalga oshirilayotgani hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

Ayniqsa, keyingi yillarda o`zaro savdo hajmi sezilarli oshdi. Turli iqtisodiy tarmoqlarda kooperasiya aloqalari yuksaldi. Bundan bir oy oldin Ashxobodda Turkmaniston Prezidentining bevosita qo`llab-quvvatlashi bilan o`tkazilgan O`zbekiston milliy sanoat ko`rgazmasi va unda erishilgan ko`p qirrali kelishuv bitimlari fikrimiz dalilidir.

Turkmaniston milliy ko`rgazmasida neft va kimyo, to`qimachilik, tibbiyot sanoati, qishloq xo`jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish mollari, transport va logistika, sport va turizm, ilmiy-texnika, ta`lim sohasidagi yutuqlar, xizmatlar namoyish etilmoqda. Turkman gilamlari, kasanachilik, baliqchilik sanoati, dunyoga mashhur axaltekin otlari naslchiligi tadqiqotlari katta qiziqish uyg`otmoqda.

Turkmanistonda baliqchilik sanoati rivojlanishining asosiy manbai Kaspiy dengizi hisoblanadi. Bugun mamlakat suv havzalarida baliqning 50 dan ortiq turini uchratish mumkin.

33.JPG

36.JPG

– Turkmanistonda baliq va dengiz mahsulotlarini qayta ishlash sanoati yaxshi rivojlangan. Tadbirkorlarimiz baliq va baliq mahsulotlarini qo`shni respublikalarga eksport qiladi, – deydi Turkmaniston Baliq sanoati davlat qo`mitasi bo`lim boshlig`i Gayir Gayipov. – Ko`rgazmada xususiy tadbirkorlarimiz ham ishtirok etmoqda. Ular O`zbekiston bozorini o`rganib, hamkorlik qilish istagida kelishgan. Xususan, o`zbekistonlik hamkasblarimizning baliqchilik sohasida zarur xomashyo mahsulotlari, qadoqlash moslamalari, yangi texnologiyalar ishlab chiqarish tajribasini o`rganishni rejalashtirganmiz.

Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov taklifi bilan 2018 yil mamlakatda "Turkmaniston – Buyuk ipak yo`lining yuragi" degan shior bilan o`tmoqda. Bunda mamlakatda turizmni rivojlantirishga ham asosiy e`tibor qaratilmoqda. Ko`rgazmada Turkmaniston Turizm davlat qo`mitasi vakillari ishtirok etmoqda.

38.JPG

41.JPG

– Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish bo`yicha keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bizda ajoyib sayyohlik manzillari bor. Kaspiy sohilidagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida 200 dan ziyod mehmonxona, ajoyib dam olish manzillari sayyohlar xizmatida, – deydi Turkmaniston Turizm davlat qo`mitasi bo`lim boshlig`i Islom Avezov. – Turkmaniston va O`zbekiston o`rtasida turizmni rivojlantirishda uzoq yillardan buyon hamkorlikda ishlab kelamiz. Keyingi yillarda bu borada juda yaxshi natijalarga erishdik. Bugungi kunda Evropa, Sharqiy Osiyo va boshqa mamlakatlardan Buyuk ipak yo`li yo`nalishida sayohatga chiqqan sayyohlarning Turkmaniston orqali Xorazm, Buxoro viloyatidagi qadimiy shaharlarga hamda O`zbekiston orqali Turkmanistonga tashrifi amalga oshirib kelinmoqda. Bugun bu boradagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga ishonamiz.

Turkmaniston milliy ko`rgazmasi yakunida iqtisodiy aloqalar yanada rivojlanishi, ikki mamlakat ishbilarmonlari o`rtasida o`zaro manfaatli kelishuvlarga erishilishi kutilmoqda. Bu jihatlar azaliy do`st xalqlarimiz o`rtasida mehr rishtalarini tobora mustahkamlaydi.

    Boshqa yangiliklar