Bugungi kunda davlat dasturlari asosida bir qancha ijtimoiy soha ob`ektlari yangidan qurilib, rekonstruksiya va kapital ta`mirlanib foydalanishga topshirilmoqda. Bu haqda Moliya vazirligi xabar bermoqda.
Amaldagi qonunchilikka ko`ra ushbu ob`ektlar Davlat qabul komissiyalari tomonidan foydalanishga qabul qilinadi. Masalan, Qoraqalpog`istonning Shumanay tumanidagi markaziy o`yingohga tribuna qurilishi ob`ekti quyidagi komissiyasi a`zolari tomonidan foydalanishga qabul qilingan.
Jismoniy tarbiya va sport ishlari vaziri;
Qurilish vaziri o`rinbosari;
Moliya vaziri o`rinbosari;
Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari;
Bolalar sportini rivojlantirish jamg`armasi direktori;
«O`zaharsozlik LITI» aksionerlik jamiyati raisi;
Shuningdek, hududiy hokimliklar va tegishli boshqarmalar boshliqlari.
Ko`rinib turibdiki, respublikaning olis tumanlarida bajarilgan qurilish ishlarini foydalanishga qabul qilish uchun ham Toshkent shahrida joylashgan 6 ta vazirlik va idoralar rahbarlaridan imzo olinishi lozim. Ya`ni, mazkur vazirlik va idoralar rahbarlari foydalanishga topshiriladigan ob`ektlarni joyiga chiqqan holda ko`rib chiqishlari talab etiladi. Bu esa ma`lum bir vaqtni talab etadi.
Buning oqibatida, ko`p hollarda yuqorida qayd etilgan rahbarlarning ob`ektga chiqmasdan, bajarilgan qurilish-ta`mirlash ishlarining sifatini ko`rmasdan turib, qurilish-ta`mirlash ishlari bajarilgan ijtimoiy soha ob`ektlarini foydalanishga qabul qilish bayonnomalariga imzo qo`yish holatlari kuzatilmoqda.
Shundan kelib chiqib, ortiqcha ovoragarchiliklarni oldini olish hamda foydalanishga topshiriladigan ob`ektlarda bajarilgan qurilish-ta`mirlash ishlarining sifatini nazorat qilish imkoniyatini oshirish maqsadida, ob`ektlarni foydalanishga topshirish davlat qabul komissiyasi a`zolarini qayta ko`rib chiqish lozim deb hisoblanmoqda.
Ushbu masala yuzasidan Moliya vazirligi aholi fikrini o`ta muhim deb hisoblagan holda so`rov o`tkazishni lozim deb topdi.
Savollar:
1-variant: Qurilish-ta`mirlash ishlari bajarilgan ijtimoiy soha ob`ektlarini foydalanishga qabul qilishda amaldagi davlat qabul komissiyasi a`zolarini saqlab qolish.
2-variant: Qurilish-ta`mirlash ishlari bajarilgan ob`ektlarni qabul qilishda davlat qabul komissiyasi a`zolarini faqatgina hududiy hokimliklar va boshqarmalaridan kiritish.
3-variant: Qurilish-ta`mirlash ishlari bajarilgan ob`ektlarni qabul qilishda davlat qabul komissiyasining faqatgina raisini foydalanishga qabul qiluvchi tashkilotning yuqori turuvchi organidan (vazirlik va idoralar rahbarlari) va a`zolarini hududiy hokimliklar va boshqarmalar vakillaridan iborat tarkibni tasdiqlash. Shuningdek, komissiya a`zoligiga xalq deputatlari vakillari va mahalla fuqarolar yig`inlari raislarini ham kiritish.
4-variant: Sizning variantingiz.
Variant ko`rsatilgan holda taklif va mulohazalar qoldirish so`raladi. So`rov 2018 yilning 10 mayiga qadar o`tkaziladi.






