Toshkent xalqaro Vestminster universitetida an`anaviy «Karera kuni» bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Universitet talabalari, bitiruvchilarini ish bilan ta`minlashga yordamlashish hamda turli tashkilotlar uchun istiqbolli kadrlar topishga ko`maklashish maqsadida tashkil etilgan tadbirda vazirliklar, turli davlat idoralari hamda 80 ga yaqin mahalliy va xorijiy tashkilot, kompaniya vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti tarixi, o`quv yo`nalishlari, talabalar salohiyati haqida ma`lumot berildi. Talabalar «Qanday qilib eng daromadli aksiyalarni aniqlash mumkin?», «Ayol tadbirkorligini belgilovchi omillar: Markaziy Osiyodagi vaziyat» kabi mavzularda ma`ruzalar qildi, ishtirokchilarga turli anketalar tarqatilib, fikrlar o`rganildi.
Karera kuni davomida talabalar va ish beruvchilar o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri muloqot tashkil etildi. Talabalar iqtisodiyot, moliya, axborot texnologiyalari, bank sohasi, marketing, audit kabi soha vakillaridan kerakli maslahatlar oldi.