Xabaringiz bor, joriy yil 21 aprel kuni Qozog`istonning Jambul viloyati, Korday tumani hududida yuz bergan yo`l-transport hodisasida 2 nafar o`zbekistonlik halok bo`ldi, 8 kishi jarohatlandi. Bu haqda FVV axborot xizmati xabar bermoqda.
23 aprel kuni soat 6:00 da O`zbekistonning Qozog`istondagi elchixonasi vakili boshchiligida 2 kishining jasadi va 5 nafar jabrdiyda O`zbekistonga olib kelindi.
Toshkent viloyatining «G`ishtko`prik» chegara postida ularni kutib olish tashkillashtirildi. Tegishli hujjatlar rasmiylashtirilganidan so`ng Favqulodda vaziyatlar va Ichki ishlar vazirliklari vakillarining kuzatuvi bilan Sog`liqni saqlash vazirligining maxsus transportida halok bo`lganlar jasadi Farg`ona viloyatiga etkazilib, yaqin qarindoshlariga topshirildi.
5 nafar jarohat olgan fuqaro Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga davolanish uchun joylashtirildi.
Hozirda yana ikki kishi — 1987 yilda tug`ilgan Davlat Madatov va 1994 yilda tug`ilgan Baxtiyor Xolmirzaevga Qozog`istonning Korday tumanidagi markaziy shifoxonada tibbiy yordam ko`rsatilmoqda.






