Lola Karimova Islom Karimov nomidagi Fond ta`sis etgan xorijda tahsil grantlarining navbatdagi g`oliblari nomlarini e`lon qildi. Endi g`oliblar magistratura dasturi bo`yicha chet el oliy o`quv yurtlarida ta`lim olish imkoniyatiga ega bo`lmoqda.
Tanlov o`tgan yil oktyabrda e`lon qilingan bo`lib, unda O`zbekistondagi 39 ta oliy o`quv yurtining 320 nafardan ortiq bitiruvchisi ishtirok etdi.
G`oliblarning 3 nafari Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti bitiruvchilari, 1 nafari Toshkent shahridagi I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti filiali bitiruvchisi).
G`oliblar orasida O`zbekiston Milliy universiteti bitiruvchisi, Farg`ona davlat universiteti bitiruvchisi, Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti bitiruvchisi, Toshkent Arxitektura-qurilish instituti bitiruvchisi, Milliy rassomlik va dizayn instituti bitiruvchisi, Toshkent Arxitektura-qurilish instituti bitiruvchisi hamda Milliy rassomlik va dizayn instituti bitiruvchilari sanab o`tilgan.
Tanlov qayta tiklanuvchi energiya manbalari, kimyo, suv va er resurslarini boshqarish, mashinasozlik texnologiyalari, oziq-ovqat texnologiyalari, oziq-ovqat xavfsizligi, mahsulot ishlab chiqarish va marketing, arxitektura, shaharsozlik, tarixiy obidalarni muhofaza etish va qayta tiklash, dizayn, mahsulot dizayni, sanoat va me`morchilik dizayni, rassomlik kabi 13 ta mutaxassislik bo`yicha o`tkazilgan.
Hozirda chet el oliy o`quv yurtlarida tanlov g`oliblari mutaxassisliklariga mos bo`lgan ta`lim yo`nalishlarini tanlash jarayoni ketmoqda.
"Islom Karimov Fondi nomidan ikkinchi grant tanlovining barcha g`oliblarini samimiy tabriklayman va o`qishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolaman. Ular chet elning peshqadam oliy o`quv yurtlarida ta`lim olib, kelajakda o`z bilimi va iqtidori bilan Vatanimiz ravnaqiga hissa qo`shishlariga tilakdoshman", — degan Karimova.
Islom Karimov nomidagi Fond 2016 yil oktyabrda Tatyana Karimova va Lola Karimova-Tillyaeva tomonidan O`zbekiston mustaqilligi asoschisi va birinchi Prezidenti Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish maqsadida tashkil etilgan. Yurtimiz va xorijdagi peshqadam universitetlarda tahsil uchun iqtidorli yoshlarga grantlar ajratish Fond faoliyatining asosiy yo`nalishlaridan hisoblanadi.
2017 yili Fondning ta`lim grantlari sohasidagi ilk loyihasi doirasida 12 nafar stipendiat Angalt amaliy fanlar universiteti, Duysburg, Essen, Rur va Frayburg universitetlari (Germaniya), Moskva me`morchilik maktabi hamda Turin politexnika universiteti (Italiya) kabi nufuzli chet el oliy o`quv yurtlarida ikki yil davomida tahsil olish imkoniga ega bo`ldi.






