1

Nevara orzusida...

Mutolaa 25.04.2018, 14:02
Nevara orzusida...

Kecha Lazizani to`yda ko`rib qodim. Uzoqdan ko`rdim-u tanidim. Novchadan kelgan bu qizning suratini qo`limga tutqazishganida o`g`limning bo`yiga bo`yi mos ekan, degandim. O`zim yolg`iz qizimni uzatib, ancha payt jonimning bir parchasi o`zga uydaligiga ko`nikolmay yurganimgami, kelinnimni quvonch bilan kutib oldim. O`g`limni qizg`anib yo ishidan kamchilik topib g`idi-bidiga ham bormadim. Qolaversa, kun bo`yi ishdaman, kelin bo`lsa o`qishda edi.

Laziza yonidagi ayol bilan biz tomon yurib kelayotganida yuragim hapqirib ketdi. O`rnimdan turib ko`rishishga chog`langandim, u yonimdan beparvo o`tib ketdi. Ko`rmadimi yoki ko`rmaganga oldimi — bilmadim. Uni ming tushunishga urinmay, xafa bo`lmaslikka harakat qilmay, baribir o`sha kunlar yodimga tushib, dilim g`ash tortdi.

Lazizani o`g`lim o`zi tanladi. Po`latning ishxonasi bilan uning instituti yonma-yon edi. Sovchilikka bordik, qizning ham ko`ngli o`g`limda ekanligigami, rozilik olishga qiynalmadik. Yaxshi niyatlar bilan o`tgan to`ydan keyin bolam ko`zimga yanada baxtiyor ko`rinardi. Dadasi bilan biz ham kelin tushirgach, baxtimiz to`kisligiga amin bo`ldik. Bobo-buvi maqomiga erishishimizni o`ylab orziqardik.

— Kelin o`qiydi, chaqaloq olib kelsa, ishlamaysan, — derdi xo`jayinim karera qilishimga shu kungacha to`sqinlik qilmagan bo`lsa-da.

— Xo`p, albatta-da, o`zim katta qilaman, — deyman men ham ishdan qolishimga og`rinmay.

Shirin qizimiz bolasi bilan kelsa, boshimiz ko`kka etib ketardi. Hali bobosi chaqaloqni qo`liga olib, bog`ni aylanadi. Katta odamga gapirgandek nevarasini daraxtlar bilan tanishtiradi. Hali men uni hammadan qizg`anib bag`rimga bosib o`tiraman. Uyimizda chaqaloq tug`ilsa-ku, tamoman boshqa insonga aylanib qolsak kerak, deb o`ylardik.

Afsus kutganimiz sari xushxabardan darak bo`lavermasdi. To`ydan bir yillar o`tgach, shifokorga uchrashdik. Er-xotin birga davolanishi kerak, degan gapni eshitib, o`g`limni ham sudradim. Muammo bolamdaligini bilib esa o`zimni yo`qotib qo`ydim. Farzand ko`rishmatyoganiga jiddiy qaramayotgan Po`lat ham tushkunlikka tushib qoldi. Lekin harakatdan to`xtamadi. Qaerda yaxshi shifokor bo`lsa, uchrashib ko`rardi. Qayta-qayta tekshiruvlardan o`tish, davolanish bilan o`tgan ikkinchi yildan so`ng qudamiz qizini ajratish istagi borligini bildirdi. Men kelinga umid bilan boqdim. Harholda o`g`limni sevadi, taqdirning bu sinovini birga engib o`tish uchun o`zida kuch topadi, deb o`ylagandim. Laziza esa ketishini aytdi. Uni ko`zda yosh bilan kuzatib qoldim. Axir o`z bolam uchun hech narsa qilib bera olmayotgan paytimda birovning bolasining hayoti ustudan hukm chiqara olmasdim. Rozi-rizolik bilan xayrlashdik. Faqat Po`lat lom-lim demadi. O`z qobig`iga o`ralib oldi. Eng yomoni esa kelin ketgach, oralagan gaplarning zarbasi bo`ldi. O`g`limning bepushtligini qudamiz hammaga aytib chiqdi. Bolamning ham, bizning ham boshimiz egildi. Kundan-kun cho`kib borayotgan bolamga qarab bir kun qattiq ezilib ketdim. Lazizaga qo`ng`iroq qildim.

— Laziza, qizim, yaxshimisiz? Men oyingizman, — dedim ovozim titrayotganidan u meni tanimay qolmasin degan o`yda.

— Assalomu alaykum, Salomat opa. Rahmat, men yaxshiman, o`zingiz tuzukmisiz? — kelinimning menga oyijon, deya murojaat qilmaganidan yuragimda nimadir uzilgandek bo`ldi. Endi o`ylab qarasam, o`shanda oradan bir yilcha o`tgan ekan. Laziza javobini olgan, qonunan ajrashgan bo`lganidan keyin meni qanday qilib oyijon, deya aytsin?

— Qizim, bugun tibbiyot rivojlangan. Yangi texnikalar ko`p, befarzand oilalar ham bolali bo`lishayotgan ekan, — dedim nima bo`lsa ham maqsadimni bildiray, degan umidda. — Laziza, borib sizni olib kelsakmi, deyayotgandik, — dedim uning jim bo`lib qolganidan.

— Salomat opa, men hech nima qila olmayman. Onam bilan gaplashing, — deya kelinim shoshib xayrlashdi.

Umid qilishimdan naf yo`qligini bilsam-da, onasining ishxonasiga bordim. Po`lat uchun bepushtligini bilish bir zarba bo`lgan bo`lsa, sevganidan ayrilgani uni battar azoblayotgandi.

— Siz ham onasiz. Men ham onaman. Mening qizim ham ona bo`lishga haqli. Uzr, uni boshqa bir insonga uzatayapmiz. Endi Lazizani tinch qo`yinglar, — dedi qudam xotirjam.

Uyga kelguncha yig`lab qaytdim. O`zimni noiloj qolgandek his qilardim. Lazizaning ham baxtini boylashga haqqim yo`qligini tushunardim. Bir tomonda esa o`g`limga kuyib ketayotgandim.

— Oyi, siz bemalol ukamni uylantiravering. Men ikki yil chet elda o`qib kelmoqchiman, — dunyo ko`zimga qorong`u ko`rinib qolgan kezlarda o`g`limning dabdurustdan aytgan taklifidan men uchun chindanam kutilmagan edi.

Otasi ham rozi bo`lgani hayron qoldirdi. Go`yo u ketsa, qaytib kelmaydigandek tuyulgandi o`shanda. Bu qo`rquvim tilimga ko`chmay qolmadi.

— Nega qaytib kelmas ekanman? Ikki yil ichida ham kelib ketaman, siz xavotirlanmang, — o`g`lim meni tinchlantirish uchun yonimga o`tdi. Elkamga boshini qo`yib, qo`llarimni ushladi.

— U sening kuyinayotganingni ko`rib ham qiynalayapti. Mayli, ikki yil o`qib kelsin, havo almashtiradi, dunyo ko`radi, bilimlari oshadi. Hayotida mazmun paydo bo`lgach, o`ziga keladi, — dedi erim xorijga jo`natmaylik, deya yig`laganimda.

Oxiri ko`ndim. Qolaversa, dardiga shifo ham topilar xorijda degan umid uyg`ondi qalbimda.

Ikki yil ichida Laziza turmushga chiqdi, bolali bo`lganini ham eshitdim. U uchun quvongan bo`lsam-da, bu xabar yaramni yangilaganini tan olmay ilojim yo`q. Ammo shu paytda bolamning xorijga ketgani yaxshi bo`lgan ekan, deya shukr qildim.

Tanish-bilishlar qachon o`g`illarimni uylantirishim haqida savol berishsa, nima deb javob qaytarishni bilmay qolardim. Kichigim ham akasiga havas qilib chet elda o`qishni diliga tugib, to`y boshlaylik degan gapimizni davom ettirishni istamaydi. Po`latni uylantiray desam, yana o`sha tarix takrorlanishidan qo`rqaman. Qolaversa, bilib-turib bir qizni bu dardga sherik qilishni istamasdim.

— Salomat, bu hayot. Turli taqdirlar bo`ladi. Taqdirni tan olish kerak. Baribir Po`latning boshini ikki qilish lozim. Oilasidan ajrashgami yo umr yo`ldoshini yo`qotganmi, bolasi bor ayolga uylantirishni o`ylab ko`rsangizlar bo`larkan, — opam bir kuni shunday deya maslahat soldi.

Turmush o`rtog`imga aytgandim, u ham «Bir bolaga otalik qilsa, o`ziga ham farzand berar», deya o`ylanib qoldi.

Bu taklifimizni ancha payt Po`latga ayta olmadik. Hatto u o`qishni tugatib qaytib kelgach ham so`z ocholmadik. Bilib-bilmay uning ko`ngliga ozor berishdan cho`chirdik. Bir kuni otasi toklarni ochish bahonasida oila qurishi kerakligi haqida gapiribdi.

— Ota, o`zim ham shu mavzuda siz bilan gaplamoqchi edim. Onamning oldida ayta olmayapman. Chunki ular birinchi oilamdan ajrashganimdan keyin ancha payt o`ziga kelolmadilar, — deya ko`nglini ochibdi.

O`g`lim aytgan hovliga kirib borarkanman, qo`ng`iroq soch bolakayning koptogi oyoqlarim yoniga dumalab keldi. Biram shirin bola ekanki, bag`rimga bosib quchgim keldi. Opam bolaga uzoq tilikib qolganidan ham hech narsani payqamapman. Biz og`iz solib kelgan Nasibani o`g`li tug`ilmasidan eri uyidan haydagan ekan. Sobiq turmush o`rtog`i hozir chet elda yasharkan. Bolasidan ham xabar olmas ekan. O`g`lim bilan xalqaro anjumanda tanishib qolishgan. Po`latni Nasibaning aql-zakovati o`ziga jalb qilgan, deb taxmin qildim. Ota-onasi birinchi marta qizlarining baxti kulmagani uchun qattiq o`ylanib qolishdi. Qolaversa, bola begona inson qo`lida o`sishini o`ylab rosa ikkilanishdi. Po`latning esa bu bolaga mehri tushib qolgan edi. Shu sabab ham u o`zi borib qaynota-qaynonasining roziligini oldi. Oradan ko`p o`tmay, uyimizga kelin bilan birga shiringina nabira ham kirib keldi.

***

Nabiramning buvi deya bo`ynimga osilishini o`ylab, dilimdagi g`ashlik tarqagandek bo`ldi. To`ydan olib ketishga kelgan o`g`lim esa yo`l-yo`lakay biror kafega kirib o`tishimizni aytib qoldi. Tinchlikmi degan savolimga qanday javob eshitishimni bilsam ham, so`radim. Kecha shiringina sutli qahvaga sho`r bodringni botirib eb hayratimni oshirgan Nasibaning bugun ko`ngli kabob eyishni tusayotgan ekan... Quvonganimdan ko`zim porlab mashina derazasidan boqqancha kafe izlashga tushdim... O`g`il nevara ko`rsak, akasi Shahriyorning ismiga monand qilib Shoxruh deya atashni dilimga tugib qo`yganman.

MUXLISA yozib oldi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1