Qozog`iston Respublikasi Ostona shahridagi “Korme” ko`rgazmalar markazida 25 aprel kuni “III Evroosiyo xalqaro kitob ko`rgazma yarmarkasi”ning tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi.
Ushbu ko`rgazma Evropa va Osiyo mamlakatlari nashriyotlari, matbaa korxonalari, kitob savdosi bilan shug`ullanuvchi ilmiy-ma`rifiy tashkilotlarni bir erga jamlagan yirik intellektual maydon hisoblanadi.

Ko`rgazmada O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi tomonidan nashr qilingan "O`zbekiston obidalaridagi bitiklar" turkum nashrining 13 ta jildi ham "O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida" xalqaro multimedia loyihasi doirasida Rossiya muzeylaridagi O`zbekiston madaniy merosiga bag`ishlangan 10 ta jild taqdimoti ham o`tkazilmoqda.

Shuningdek, loyiha rahbari, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist Firdavs Abduxoliqovning ta`kidlashicha, 2018 yil davomida Buyuk Britaniya muzey hamda kutubxonalarida saqlanayotgan o`zbek madaniy merosiga bag`ishlangan 5 ta hujjatli film ham tavsirga olinadi va ushbu media-mahsulotlar O`zbekiston telekanallari orqali o`zbek va rus tillarida namoyish etiladi.

Eslatib o`tamiz, yaqinda bundan tashqari “O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida” loyihasi doirasida chop etilgan 10 jildlik kitob-albomlardan iborat to`plamlar Buyuk Britaniyaning 10ga yaqin yirik kutubxona va muzeylariga beg`araz topshirildi.






