Qonunchiligimizda fuqarolarga dehqon xo`jaligi yuritish, jamoa bog`dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi yuritish uchun er uchastkalari olish huquqlari kafolatlangan.
Xususan, oilali va qishloq joylarda kamida uch yil mobaynida yashab turgan fuqarolarga dehqon xo`jaligi yuritish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga tomorqa er uchastkasi sug`oriladigan erlarda 0,35 gektargacha va sug`orilmaydigan (lalmikor) erlarda 0,5 gektargacha o`lchamda, cho`l va sahro mintaqasida esa sug`orilmaydigan yaylovlardan 1 gektargacha o`lchamda beriladi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida ma`lum qilindi.
Qishloq joylarda kamida uch yil yashab turganlik to`g`risidagi talab yangi sug`oriladigan er massivlari uchun qo`llanilmaydi. Bunda dehqon xo`jaligi yuritish uchun beriladigan er uchastkasining o`lchami yakka tartibda uy-joy qurish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga ilgari berilgan yoki beriladigan er uchastkasini hisobga olgan holda aniqlanadi.
Dehqon xo`jaligi uchun ajratilgan erlarda imorat qurish mumkinmi?
Dehqon xo`jaligi yuritish uchun er uchastkalari imoratlar va inshootlar qurish huquqisiz beriladi. Mazkur qoida yakka tartibda uy-joy qurish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga ilgari berilgan yoki beriladigan er uchastkalariga tatbiq etilmaydi.
Fuqarolarga dehqon xo`jaligi yuritish uchun 0,06 gektar doirasida tomorqa er uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi kimoshdi savdosi asosida realizasiya qilinishi mumkin.
Dehqon xo`jaligi yuritish uchun er uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi kimoshdi savdosi asosida realizasiya qilinish tartibi Yakka tartibda uy-joy qurish (dehqon xo`jaligini yuritish) uchun er uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizasiya qilish bo`yicha ochiq auksion savdolarini tashkil etish va o`tkazish tartibi to`g`risidagi nizomda belgilangan.
Dehqon xo`jaligiga ajratilgan erning chegaralari naturada (joyning o`zida) er tuzish xizmati organlari tomonidan mahalliy byudjet mablag`lari hisobidan rasmiylashtiriladi.
Shuningdek, tomorqa er uchastkasidan oqilona va samarali foydalanayotgan dehqon xo`jaligiga tuman (shahar) hokimining qarori bilan qishloq xo`jaligi mahsulotini etishtirish va realizasiya qilish, ozuqa etishtirishni tashkil etish, shuningdek, yaylov yaratish uchun qisqa muddatli ijaraga qo`shimcha ravishda er uchastkalari berilishi mumkin.
Dehqon xo`jaligini yuritish uchun er uchastkasini olishga muhtoj bo`lgan fuqarolar yashash joyidagi tuman (shahar) hokimiga oilasining tarkibini va er uchastkasining mo`ljallangan joyini ko`rsatgan holda ariza beradi.
Tuman (shahar) hokimi er uchastkalarini berish (realizasiya qilish) masalalarini ko`rib chiquvchi komissiyaning xulosasi asosida dehqon xo`jaligini yuritish uchun fuqarolarga er uchastkalari berish to`g`risida qaror qabul qiladi yoki arizachiga er uchastkasi berish bo`yicha asoslantirilgan rad javobini yuboradi.
Dehqon xo`jaligi qaerlarda tashkil etilishi mumkin?
Dehqon xo`jaligi qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan erlarda va dov-daraxtlar bilan qoplanmagan o`rmon fondi erlarida, shuningdek, zaxira erlarda tashkil etiladi.
Shu o`rinda, tuman (shahar) hokimining er uchastkasi berishni rad etish to`g`risidagi qarori ustidan sudga yoki bo`ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga, mansabdor shaxsga shikoyat qilinishi mumkin.






