Gulistonda BMT Yashil iqlim jamg`armasi faoliyati va u bilan hamkorlikning ustuvor masalalariga bag`ishlangan seminar bo`lib o`tdi, deb xabar bermoqda O`zA.
Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimligi, viloyat favqulodda vaziyatlar, sog`liqni saqlash boshqarmalari, tijorat banklari mutaxassislari, tadbirkorlar, fermerlar, Guliston davlat universiteti professor-o`qituvchilari ishtirok etdi.
Dunyo mamlakatlarini jiddiy tashvishga solayotgan global muammolardan biri bu iqlim o`zgarishidir. Markaziy Osiyo bunday o`zgarishlar ko`p kuzatilayotgan hududlardan bo`lib, mamlakatimizda ham bu muammoga jiddiy e`tibor qaratish talab etiladi.
Mutaxassislarning ta`kidlashicha, o`tgan asrning o`rtalaridan O`zbekistonda iqlimning isish tendensiyasi kuzatilib, har 10 yilda yillik o`rtacha harorat 0,29 darajaga oshib bormoqda. Ayniqsa, so`nggi o`n yillikda iqlim o`zgarishi bilan bog`liq salbiy hodisalar tufayli er yuzida suv resurslari tanqisligi kuzatilmoqda. Shu sababli dunyo miqyosida iqlim o`zgarishining oldini olish va uning oqibatlariga moslashish bo`yicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish muhim ahamiyat kasb etayotir.
Yashil iqlim jamg`armasi global miqyosdagi tashabbus bo`lib, 2010 yilda tashkil etilgan va u iqlim barqarorligiga asoslangan rivojlanishni moliyalashtiradi. O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi Yashil iqlim jamg`armasi bilan hamkorlikda ishlash vakolatiga ega. Markaz o`z vakolatlari doirasida Yashil iqlim jamg`armasi bilan qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Tadbirda ushbu jamg`arma bilan hamkorlik istiqbollari, iqlim o`zgarishidagi salbiy oqibatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma`lumot berildi.
26.04.2018 11:55
O`zbekistonda har 10 yilda yillik o`rtacha harorat 0,29 darajaga oshib bormoqda






