AsosiyJamiyat

O`zbek jangchisining qabri 70 yildan so`ng topildi

'O`zbek jangchisining qabri 70 yildan so`ng topildi'ning rasmi

Ikkinchi jahon urushi boshlanganida ko`p qatori shahrisabzlik aka-uka O`roq hamda Rauf Pardaevlar frontga safarbar qilinadi. 1944 yil 6 oktyabrda Rauf Pardaevni bedarak yo`qolgani haqida xat keladi.

Shahrisabz tuman voenkomati shu munosabat bilan oilani kunlik olib turadigan non kartochkasidan mahrum qiladi. Jangchining volidai muhtaramasi Anbaroy ona o`g`liga aza ochmaydi — farzandim tirik, u o`lmagan, degan umid bilan yashaydi.

Oradan bir necha oy o`tib, xushxabar keladi. Bu — 1945 yilning boshlarida Rauf Pardaevning o`z qo`li bilan frontdan yozgan xati edi.

Sho`rlik ona o`g`lidan kelgan xatni tuman voenkomatiga olib borib ko`rsatadi. Shundan so`ng Rauf Pardaev xizmat qilayotgan harbiy qismga so`rovnoma yuboriladi. Lekin javob olingan-olinmaganligi noma`lum. O`roq Pardaev 1945 yil urushdan qayt­ganidan keyin ham ukasi bilan xat yozishib turgan. Urushdan so`ng Rauf Pardaev xizmat qilgan harbiy qismlarga xat yozib, ukasining 19858-harbiy qismda xizmat qilayotganini tasdiqlab berishlarini so`raydi. Afsuski, ularning hammasidan «Ukangiz Rauf Pardaev 1944 yilning oktyabrida bedarak yo`qolgan», degan mazmunda javob olinadi.

Shundan so`ng O`roq Pardaev ukasiga xat yozib, unga bedarak yo`qolgani haqidagi xabarnoma nusxasini qo`shib jo`natadi. Mana, qo`limizda 1946 yil 10 iyul sanasi bilan Rauf Pardaevdan kelgan javob xati: «Aka, men sizlardan bitta xat olgan edim. Ichida spravka bor ekan. Uni komandirga ko`rsatdim. U mening haqiqatan ham harbiy qismda xizmat qilayotganim to`g`risida voenkomatga xat jo`natdi. Xatimga tezlikda javob yozinglar». Bu xat Germaniyadan yuborilgan bo`lib, harbiy qism komandiri ­Shahrisabz tuman voenkomatiga Rauf Pardaevning bedarak ketmaganini, hozir 19858-harbiy qismda xizmat qilayotganini tasdiqlovchi hujjat jo`natadi. Biroq bu hujjatning ham taqdiri noma`lumligicha qoladi...

Rauf Pardaevning Germaniyadan yozgan oxirgi xati 1946 yil 22 sentyabr sanasi bilan qayd etilgan. «Sizlardan ko`pdan buyon xat olganim yo`q. Xudo xohlasa, tez kunda uyga qaytaman. Sog`-omon bo`linglar», degan mazmundagi xatga «Dala pochtasi» tomonidan 1946 yil 25 sentyabr tamg`asi qo`yilgan. Shundan ke­yin undan xabar bo`lmadi...

1975 yilda Rayhon Pardaeva ishlab chiqarish ilg`ori sifatida Moskvada o`tkazilgan g`alabaning 30 yillik bayramiga taklif etiladi. U o`sha erda urushda bedarak yo`qolgan amakisi Rauf Pardaevni qidirib topishga amaliy yordam berishlarini so`rab iztoparlar otryadiga murojaat qiladi va bu murojaat «Krasnaya zvezda» gazetasida bosilib chiqadi.

Rauf Pardaevning yana bir jiya­ni Abdurahim Pardaev ancha yillardan buyon amakisining daragini izlab turli arxivlarga, tashkilotlarga xat yozdi, lekin natijasi bo`lmadi. U 2015 yilda amakisiga tegishli bo`lgan barcha hujjatlardan nusxa olib, Rossiya telekanalidan beriladigan «Jdi menya» ko`rsatuviga jo`natadi. Amakisi hayot bo`lsa o`zini, halok bo`lgan bo`lsa, qabrini topishda yordam berish­larini so`raydi. 2016 yilda unga «Jdi menya» ko`rsatuvi boshlovchisi Vitaliy Efremovdan javob xati keladi. Unda Rauf Pardaevning Germaniyada 1946 yilning 25 sentyabrida halok bo`lgani, u Saksoniya-Anxalt muzofotining Mag­deburg shahridagi qabristonda dafn etilgani haqida xabar berilgan edi...

Manba: "O`zbekiston ovozi" gazetasi

    Boshqa yangiliklar