Turkiya qadimiy tarixi va an`analari bilan sayyohlarni o`ziga rom qiladigan mamlakatlardan. Bu mamlakatda sayyohlarning dam olishlari uchun yuksak darajada xizmat turlari yaratilgan.
Turkiya haqida ko`p eslar ekanmiz, bu mamlakatda yodda qolgan taassurotlarimiz haqida ko`p gapirish mumkin.
Evropa Janubiy-Sharqi va Osiyo g`arbida joylashgan Turkiya sayyohlarni nima uchun o`ziga jalb qiladi? Bu savolga “bu mamlakatning dengizi toza, dengizlarida akula va meduzalar yo`q” deb javob berish kerak.
Mamlakat 7ta ma`muriy hududdan – Marmara (Marmara), Egey mintaqasi (Ege), O`rta Er dengizi mintaqasi (Akdeniz), Janubiy-Sharqiy mintaqa (Guney Dogu), Sharqiy (Dogu), Qora dengiz (Karadeniz), Markaziy Anatoliya (Ic Anadolu)dan tashkil topgan.
Poytaxti Anqara. Yirik shaharlari – Istambul, Anqara, Izmir, Bursa, Adana, Trabzon.
Turkiya – tog`lar mamlakatidir. Bu mamlakat ko`l va daryolarga ham boy.
Tabiati xilma-xil va noyobdir. Mamlakatda o`simliklarning 6 mingdan ortiq turi bor. Hayvonot dunyosi haqida ham iliq fikrlarni bildirish mumkin.
Avtomobillar ijarasi. Avtomobillarni ijaraga olish mumkin. Buning uchun pasport yoki uning nusxasini va haydovchilik guvohnomasini topshirish kerak bo`ladi. Avtomobillar 21 yoshdan oshgan kattalarga beriladi. Avtomobillarni haydovchisi bilan ijaraga olishingiz ham mumkin.
Ijara punktlari har bir mehmonxona va aholi punktlarida bor.
Turkiyada tibbiy xizmat ko`rsatish pulli. Barcha masalalar bo`yicha sug`urta kompaniyasiga murojaat qilishingiz kerak bo`ladi.
Suv. Krandagi suvdan ichish tavsiya qilinmaydi. Yaxshisi plastik shishalardagi suvni xarid qilganingiz ma`qul.
Turklar avtobus va marshrut taksilarda yurishni sevishadi. Kuning har qanday vaqtida o`zingiz xohlagan yo`nalish bo`yicha avtobusga o`tirishingiz mumkin. Taksilar ikkiga – kunduzgi va tungi taksilarga bo`linadi. Tungi taksilar haqi ikki barobar qimmat. Yo`lkira borasida taksichi bilan, albatta, avvaldan kelishib olishingiz kerak bo`ladi.
Bekatlar “B” xarfi bilan ajralib turadi.
Do`konlarning aniq ish vaqti belgilanmagan. Yoz kunlari tun yarmiga qadar ishlaydi. Bozorda, albatta, savdolashishingiz kerak. O`zbeklar kabi turklarning bu an`anasi tufayli pulingizni tejash imkoniyati paydo bo`ladi.
Hamma joyda suratga tushish mumkin. Faqat xavfsizlik hududi bundan mustasno. Muzeylarda suratga tushish uchun alohida haq to`lashingiz kerak.
Turkiyada bar, restoran, mehmonxonalarda xizmat ko`rsatuvchilarga, albatta, choychaqa berishingiz kerak bo`ladi. Buning uchun aniq raqam aytilmaydi. O`zingizning cho`ntagingizga qarab berasiz choychaqani.
Turkiyaga borgan sayyohlar ko`zning rasmi tushirilgan suvenerlarni xarid qilishlari kerak. “Nazar” deb nomlanuvchi bu tumor ko`z tegishdan saqlaydi, degan qarashlar mavjud.
Turkiya xalqi shirinliklarni sevishadi. Suhbatlar asosan shirinlik va qahva ichish bilan boshlanadi. “Shirinlik eb-shirin suhbat qurdik” deyishadi turklar. Turkiyada har kuni kunbo`yi choy ichishadi.
Turklar bilan suhbatga vaqtni hisoblab borish kerak emas, chunki suhbat ancha cho`zilib ketishi va belgilangan vaqtdan o`tib ketishi ham mumkin.
Turklar xafa bo`lmasin desangiz, u holda Istambulni aslo Konstantinopol deya ko`rmang.
Turk taomlari xorijiy sayyohlarni o`ziga rom qilishi shubhasiz. Ular mol va qo`y go`shtidan tayyorlangan – “doner” va “kabob”lari bilan faxrlanishadi.
Turkiya kurortlarida banklar dam olishsiz, aeroportlarda esa kecha-yu kunduz ishlaydi.
Turkiyadagi arxeologik yodgorliklar dam olishsiz har kuni 8:00 dan 18:00ga qadar tanafussiz ishlaydi.
Muzeylari esa dushanba kuni dam oladi. Qolgan kunlari 8:30 dan 17:30 gacha faoliyat yuritadi (tanaffus 12:00 dan 13:00ga qadar).
Turkiyaga borganlar “Sharq darvozasi”, deb atalmish Istambulni ko`rishlari kerak. Bu shahardagi tarixiy obidalar, qadimiy bozor, taomlari, saroy va muzeylari yodingizda umrbod qolishi, shubhasiz.
Umuman Turkiya – ertaklar shahri.