AsosiyJamiyat

Andijonda insulin ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi

'Andijonda insulin ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi'ning rasmi

Andijon tumanidagi Xortum qishlog`ida yiliga 10 million flakon insulin dori vositasi ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod ish boshladi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Hududi qariyb 1,5 gektar maydonni egallagan ushbu zavod Markaziy Osiyoda yagona bo`lib, asosan qandli diabet kasalligini davolashda qo`llaniladigan insulin dori vositasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Qurilish-montaj ishlari “Gulf pharmaceutical industries” kompaniyasi ko`magida “Server Servis Health” xususiy qurilish-montaj korxonasi quruvchilari tomonidan bajarildi. Ilg`or texnologiyalar bilan jihozlangan ushbu zamonaviy zavodda ishchi-xizmatchilarning samarali faoliyat yuritishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Korxona hududi va atrofida ham katta hajmdagi obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan.

– Mazkur zavod bankimizning Andijon filiali moliyaviy ko`magida barpo etildi, – deydi “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki boshqaruvi raisi Sardor Normuhamedov. – Qurilish, xorijiy texnologiyalarni xarid qilish uchun 14 milliard so`m kredit ajratildi. Bu yurtimizda import o`rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish o`rinlari yaratishga xizmat qiladi.

Darhaqiqat, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki tomonidan 2017 yilda real sektorni kreditlashga 1 trillion so`mdan ortiq mablag` ajratilgan. Uning 450 milliard so`mi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlashga yo`naltirilgan. Ushbu sarmoya hisobiga amalga oshirilgan loyihalar doirasida 548 ish o`rni yaratilgan.

Ayni paytga qadar insulin dori vositasi yurtimizga chetdan keltiriladi. Zavodning ishga tushirilishi bilan ushbu dori vositasi importi hajmi kamayadi, valyuta tejaladi, dorining tannarxi pasayadi. Ya`ni, xorijdan 3-4 AQSh dollari evaziga keltirilayotgan insulin endi korxona tomonidan aholiga 2,5 dollar qiymatda etkazib beriladi.

Umumiy loyiha qiymati qariyb 28 milliard so`m bo`lgan ushbu zavodga Germaniya, Fransiya, Shveysariya, Xitoy, Hindiston davlatlaridan zamonaviy uskuna va texnologiyalar keltirib o`rnatildi. Insulin dori vositasini sifatli, xalqaro talablar darajasida tayyorlash bo`yicha zarur barcha ishlar bajarildi.

– Zavod yiliga 10 million flakon insulin ishlab chiqarish quvvatiga ega, – deydi “Zamin Bio Health” mas`uliyati cheklangan jamiyati rahbari Avazbek Nizomov. – Mahsulotimizning 30 foizi mamlakatimiz ichki bozori talabini qoplaydi, qolgan qismi, ya`ni yiliga 2 million AQSh dollari miqdoridagi mahsulot Qirg`iziston, Qozog`iston va boshqa davlatlarga eksport qilinadi.

Zavod ishga tushishi bilan 100 kishi doimiy ish o`rniga ega bo`ldi. Ularning 20 dan ortig`i kollej bitiruvchilaridir.

    Boshqa yangiliklar