Avvalroq O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev qarori bilan ikkinchi Jahon urushi yillarida turli millatlarga mansub bo`lgan 15 nafar bolani o`z qanotiga olgan Shoahmad va Bahri Shomahmudovlar oilasining xalqlar do`stligini ifoda etib turuvchi haykallari Toshkent shahridagi “Istiqlol” san`at saroyining maydoniga ko`chirilishi haqida xabar qilgan edik.
Mana shu xabardan keyin Toshkent shahar hokimligi Axborot xizmati xodimlari Shayhontohur tumani Jarariq mahallasida yashovchi Shomahmudovlar oilasining katta qizi Xolida xolaning xonadoniga tashrif buyurdilar. Xolida xola bundan xabar topganini va mamnunligini, adolat qaror topdi deya, Prezidentni qayta-qayta duo qilayotganini aytgan.
"Shu kunlarga etib kelganimga shukr. Hamma bo`layotgan xayrli ishlarni o`z ko`zim bilan ko`rayotganimga shukr", — degan Xolida xola va hazil o`rnida "9 may kuni uzun limuzin mashinasida dodamning nomi qaytgan maydonga olib boringlar", degan kulib.
Xolida xola bugungi kunda ikki nevara, besh evara bag`rida sog`-salomat hayot kechirmoqda, deyilgan hokimlik xabarida.






