Avvalroq bir qator internet nashrlarida O`zbekistonda tamaki mahsulotlari narxi 50 foizga oshishi haqida xabarlar tarqatilgandi.
Moliya vazirligi ushbu xabarlar asossiz ekanini ma`lum qildi. Vazirlik axborotida aytilishicha, 2018 yil uchun o`rnatilgan aksiz soliq stavkalarining o`zgarishi hozirgi kunga qadar qayta ko`rib chiqilmagan va ularning qayta oshirilishi to`g`risidagi ma`lumotlar asosli emas.
Ma`lumot uchun, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi «O`zbekiston Respublikasining 2018 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko`rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to`g`risida»gi PQ-3454-sonli qaroriga asosan 2018 yil 1 yanvardan aksiz markalarining oshirilishi amalga kiritilgan bo`lib, ular mutlaq summada (har bir birlik uchun so`mda) belgilangan.
Bundan tashqari, 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi qonun hujjatlariga muvofiq ko`chmas mulkning belgilanadigan kadastr qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblanadi, shu munosabat bilan mol-mulk soliq stavkasi qayta ko`rib chiqilgan va 0,2 foiz miqdorida belgilangan (2017 yilda bu ko`rsatkich 1,7 foizni tashkil qilgan).
Moliya vazirligi yuqorida nomi keltirilgan Prezident qaroriga muvofiq, kadastr qiymatidan kelib chiqqan holda mol-mulkni soliqqa tortish tartibiga o`tishda soliq yukini keskin ortib ketishiga yo`l qo`ymaslik maqsadida, kadastr qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlangan jismoniy shaxslarning mol-mulk solig`i summasi 2017 yilda hisoblangan soliq summasining 1,2 barobaridan oshmasligi qat`iy belgilab qo`yilganini ma`lum qildi.






