Osiyo hududi – Malayziyadan tortib Dubaygacha dengizlarni quruqlikka aylantirish hisobiga kengaymoqda. Bundan kimdir foyda qilayotgandir, ammo dengizdagi hayot, u bilan tirikchiligi bog`liq insonlar bundan ziyon ko`rishi mumkin.

“Avvallari bu erda juda ko`p baliq bo`lar edi. Bir necha yillar ilgari dengizning sayoz joyiga borib, to`rsiz, qo`llarim bilan turli baliqlarni tuta olardim. Hozir esa buning umuman imkoni yo`q”, deydi baliqchi Abdul Rahmon to`ridagi qurib qolgan dengiz qisqichbaqasini ola turib.

Dengizchi bunda qirg`oqlar bo`ylarida qad rostlayotgan hashamatli binolarni ayblaydi. 240 gektarli dengizni quritish evaziga hosil bo`lgan quruqlikda qurilayotgan binolar Seri Tanjung Pinang 1 (STP1) loyihasining bir qismi hisoblanadi. 2006 yilda boshlangan ushbu loyiha Malayziyaning Penang orolidagi yagona shahar Jorj Taun atrofiga super zamonaviylikni olib kirish maqsadi qo`yilgan.

Hozirda loyihaning ikkinchi bosqichi (STP) ustidagi ishlar jadallik bilan olib borilayapti.

Xitoyga tegishli Communications Construction Company (CCC) kompaniyasining mahalliy sho``ba korxonasi ekskavatorlar, qurilish kemalari, buldozer va er kovlaydigan mashinalar yordamida hashamatli binolar uchun dengizni quritmoqda.

Dengizni quritib er hosil qilish Osiyo uchun yangilik emas.

Xitoy, Gonkong va Yaponiya bu faoliyat bilan 19-asrdan beri shug`ullanishadi. Ammo ayni vaqtda uning ko`lami nihoyatda kengaygan. Natijada dengiz ekotizimi butunlay o`zgardi. Chunki tabiiy orollar qirg`oqlari sun`iy orollar bilan tutashtirilib, yo`q joydan sun`iy orollar bunyod etilmoqda.

Xitoyning dengiz qirg`og`ida joylashgan shaharlari 2006 yildan 2009 yilgacha yangi uy-joylar, sanoat hududlari va portlar qurish uchun 700 km²li erni dengiz hisobiga hosil qilishgan.

Qiyoslash uchun keltiramiz: Singapurning hududi 719 km² tengdir. Yangi Nanxyui shaharini barpo etish uchun suniy 130 km² quruqlik Xitoyning milliy xaritasini o`zgartirishga etarli bo`ldi: Caofeidian iqtisodiy zonasi uchun yaratilgan suniy er Los Anjeles hududidan ikki barobar katta hisoblanadi.

Xitoy hukumati bunday ulkan loyihalar nazoratdan chiqib ketayotgani va atrof muhitga katta ziyon etkazayotganidan tashvishlanib, joriy yili dengiz hisobiga quruqlik yaratish loyhalarini to`xtatdi.

Ammo endilikda boshqa Osiyo mamlakatlari bu yo`nalishda ancha faollashishgan. Misol uchun Malayziyada Penang orolidagi STP loyhasidan tashqari 700 000 aholiga mo`ljalangan O`rmon shahrini barpo etish uchun dengizni quritish ishlari olib borilmoqda.

Filippin yangi Manila Bay shahrini qurish uchun 1010 gektarli suniy er barpo etayapti. Kambodja ham moliya tashkilotlari uchun dengizni quritish bilan yangi er ochmoqda, Dubay dengizni quruqlikka aylantirishni sanat darajasiga chiqardi. Shri Lanka ham dengizni quritish borasida anchagina ishlar olib bormoqda.

Malayziyadagi ekolog-mutaxassislar bunday ko`lamdagi faoliyat atrof muhitga juda katta salbiy ta`sir ko`rsatayotganini ta`kidlashmoqda.

Dengizlarni o`zlashtirish natijasida baliqlar, dengiz toshbaqalari, qisqichbaqalar, dengiz o`tlari va boshqa dengiz mavjudotlarining yashab, ozuqlanadigan joylarining nihoyat darajada qisqarishiga hamda botqoq va marjon qoyalarning yo`qolib ketishiga olib keladi. Bundan tashqari, o`zlashtirilgan erlardagi yangi shaharlar, transport kesishmalari va sanoat zonalari chiqindi va atrof muhit ifloslanishi muammosini keltirib chiqaryapti. Eng achinarlisi, dengiz bilan tirikchiligi bog`liq insonlar juda mushkul ahvolda qolishmoqda.






