PEPSI O`zbekiston Superligasi 11-turining qiziqarli tarzda o`tishi kutilayotgan o`yinlaridan birida Toshkentning “Lokomotiv” klubi o`z maydonida “Buxoro”ga qarshi bahs olib boradi.
Mazkur jamoalarning o`zaro qarama-qarshiliklari hamisha shiddatli kurashlarga boy tarzda kechib kelgan. Hozirga qadar “Lokomotiv” va “Buxoro” milliy chempionatlarimiz tarixida 24 marta o`zaro to`qnash kelishgan. O`yinlarning 13tasida “Loko” futbolchilari g`alabaga erishgan. 6ta bahs esa buxoroliklar foydasiga hal bo`lgan. Yana 5ta uchrashuv durang bilan nihoyasiga etgan.
“Temiryo`lchilar” jamoasi vakillari ushbu raqib darvozasini hammasi bo`lib 44 bora aniq nishonga olishgan. O`z darvozamizdan esa 29ta gol o`tkazib yuborganmiz.
“Lokomotiv”ning “Buxoro” jamoasi ustidan qozongan eng yirik hisobdagi g`alabasi 2013 yilda qayd etilgan bo`lib, o`shanda o`z maydonida buxoroliklarni qabul qilgan toshkentliklar 5:1 hisobida g`alaba qozonishgan edi.









