Mamlakatimiz hududlaridagi xonadonlar fermer xo`jaliklariga biriktirilgan bo`lib, mulkdorlar tomorqa egalariga har jihatdan ko`maklashmoqda, deb yozadi O`zA.
O`zbekiston fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashining matbuot xizmatidan ma`lum qilishlaricha, buning uchun aholi xonadonlari va dehqon xo`jaliklarida qiyosiy xatlov ishlari amalga oshirilib, har bir xonadon bo`yicha ma`lumotnomalar rasmiylashtirilgan. Xatlov jarayonida aholining ekin turlarini joylashtirish bo`yicha takliflari o`rganilib, fermer xo`jaliklari bilan hamkorligi kelishilgan.
Yurtimizning barcha hududlarida bu borada keng miqyosdagi vazifalar bajarilmoqda. Misol uchun, Andijon viloyatda 15 mingdan ko`proq fermer xo`jaligi faoliyat yuritmoqda. Ularga 11,1 mingtadan ortiq oila biriktirilgan bo`lib, umumiy ekin maydoni 5,59 gektarni tashkil etadi. Hozirda 2,95 gektarga turli qishloq xo`jaligi ekinlari ekish uchun 1,9 ming kilogrammdan ziyod turli ekinlarning urug`i va 18,9 mingtadan ziyod mevali daraxt ko`chatlari tarqatildi.
Bu esa tomorqa er egalarining ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, eksportbop mahsulot etishtirish, qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishda qo`l kelmoqda. Shuningdek, tomorqa egalari va fermerlar o`rtasida zanjirsimon hamkorlikni rivojlanishini ta`minlamoqda.






