40-Moskva xalqaro kinofestivalida “Sabot” filmi Kinotanqidchilar hakamlar hay`ati mukofoti hamda Hududlararo kinoklublar federasiyasi tomonidan “Hakamlar hay`atining maxsus e`tirofi” diplomiga sazovor bo`ldi.
Moskva kinofestivali – dunyodagi eng yirik kinofestivallardan biri. Asosiy tanlovda mening filmim nomzod bo`lganining o`zi – katta sharafdir.
Men tanlovdagi qariyb barcha filmlarni tomosha qildim. Dastur o`ta kuchli bo`ldi. Nazarimda, “Sabot” hech qanday mukofotga erisholmasa ham kerak, degan fikr ko`nglimdan o`tdi. Ayniqsa, koreys va portugal filmlari kuchli ekan.
Shu bois mukofotlarni qo`lga kiritish men uchun o`zgacha sharaf bo`ldi.
Festivalda “Sabot” ko`rib chiqilganidan so`ng ushbu kinofilmni yana to`rtta nufuzli xalqaro kinofestivallarga taklif etishdi.
Taqrizchilar “Sabot”ning g`alabasi – mana, o`n yildirki, nafaqat hech qanday mukofotni qo`lga kiritolmayotgan, balki hatto nufuzli kinofestivallarda taqdim etilmayotgan butun o`zbek kinematografiyasi uchun yangilik bo`ldi, deb yozishdi.
Menimcha, endilikda o`zbekistonlik yosh rejissyorlar Moskva festivali va shu darajadagi Kann, Venesiya, Berlin festivallariga chiqishga intilishadi. U erda o`z hisobidan yoxud davlat hisobidan ko`ngilxushlik qilish uchun emas, tanlov dasturlarida qatnashishga harakat qilishadi.
Lekin yosh rejissyorlar bilib qo`yishlari lozim – oson yo`lning o`zi bo`lmaydi. Rejisser nafaqat san`atkor, qolaversa, jangchi hamdir.
Men o`z filmim uchun 2015 yildan beri kurashib keldim.
Hozir esa O`ZBEKKINO badiiy kengashiga yangi kelganlar hayron bo`lishmoqda: ssenariy nega muncha uzoq muddat davomida o`tkazilmadi?
Qisqasi, men filmni bir rahbariyat boshchiligida suratga oldim, topshirishga kelganda boshqa rahbariyat, boshqa badiiy kengashga topshirdim.
“O`zbekkino”ning yangi rahbarlari – direktor Furqat Shokirovich Zokirov va ijodiy tomondan uning o`rinbosari Rizaev Shuhrat filmni yuqori baholashdi, filmni festival namoyishiga tayyorlashni buyurishdi.
Yaqinda ba`zi OAVda “Sabot”filmini 40-Moskva kinofestivaliga olib chiqishda “Kinematografiyani rivojlantirish markazi”ning ham hissasi bor, degan axborot tarqaldi. Men shuni ta`kidlamoqchimanki, “Sabot”ni Moskva kinofestivaliga olib chiqishda ham, boshqa festivallarda qatnashishida ham ushbu tashkilotning hech qanday aloqasi yo`q.
“Sabot” filmi “O`zbekkino” MA buyurtmasiga binoan davlat mablag`i hisobiga suratga olindi va filmning festivalga chiqishi bilan “O`zbekkino”ning xalqaro bo`limi shug`ullanadi.
Ushbu film yaratilishiga aloqador bo`lgan barcha barcha insonlarga yana bir bor o`z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman, xususan, barcha suratga olish guruhiga. O`sha paytda “O`zbekfilm”ning direktori bo`lmish Hilol Nasimovga alohida rahmat. Qoraqalpoq hamkasabalarimizning beqiyos ko`maklari uchun tashakkur.
Va “O`zbekkino”ning hozirgi rahbariyatiga yaga bir martaba tashakkur izhor etmoqchiman.
Mazkur filmning mukofotlari butun o`zbek kinematografiyasiga tegishlidir.
Lola Shoimova suhbatlashdi.