Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qator qonun loyihalari birinchi va ikkinchi o`qishda ko`rib chiqildi, deb yozadi Norma.
- «O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to`g`risida»gi Qonunning 8-moddasiga qo`shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi.
Qonunning qabul qilinishi Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlisi palatalari bilan hamkorligining tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirishga, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirishga imkon beradi.
- «Avtomobil yo`llari to`g`risida»gi Qonun normalarini takomillashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi.
Qonun loyihasi birinchi o`qishda qabul qilinganidan so`ng mutaxassislar va olimlar takliflari asosida puxta ishlab chiqildi. Qonunning qabul qilinishi iqtisodiyotni yanada rivojlantirish, shahar va qishloqlar yo`l-transport infratuzilmasini takomillashtirish, aholining farovon hayotini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish imkonini beradi.
- «O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 565-moddasiga qo`shimchalar kiritish to`g`risida»gi qonun loyihasi.
Loyiha bilan jismoniy shaxslar tomonidan avtomototransport vositalarini ijaraga berish shartnomasini uning notarial tasdiqlovisiz bir oy muddatga huquqiy jihatdan rasmiylashtirish masalalarini soddalashtirishni nazarda tutuvchi qo`shimchalar kiritish taklif etilmoqda. Hozirgi paytda shartnomani notarial tasdiqlash talab etiladi. Siyosiy partiyalar fraksiyalari mamlakatimizda turizmni rivojlantirish bo`yicha Prezident tomonidan belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda mazkur qonun loyihasi normalarini takomillashtirish zarurligiga alohida e`tibor qaratdilar.






