Har bir xalqning o`ziga xos adabiyoti bo`lgani kabi Amerikaning ham takrorlanmas, o`zga xalqlar va mamlakatlar badiiy ijodi bilan solishtirib bo`lmaydigan co`z bo`stoni bor.
Tarixan olib qaraganda, o`ziga xos shakllanish va rivojlanish tadrijiga ega bu mamlakat badiiy adabiyoti ham mahalliy aborigenlar, ispanlar va inglizlar, shuningdek, fransuz, rus, yapon va boshqa xalqlar madaniyati ta`sirida paydo bo`lgan va taraqqiy etgan.

Amerika adabiyoti, ob`ektiv sabablarga ko`ra, qorishiq madaniyatlarning mumtoz xazinasiga o`xshaydi. U sobiq sho`ro mafkurasi tazyiqi ostida shakllangan sovet adabiyoti yoki odamkushlik yoxud harbiy salohiyatni ko`z-ko`z etayotgan adabiyotdan insoniy tuyg`ular (mehr-oqibat, sevgi-muhabbat, shafqat)ni targ`ib qiluvchi yangi adabiyot sifatida paydo bo`ldi. Negaki, siyosiy buhronlar, ruhiy inqirozlardan zerikkan ommaga hayotsevarlik nashidasini singdiruvchi mafkuraviy taskin kerak edi.

– Amerika adabiyoti rang-barangligi va ijtimoiy muammolarni yuzaga chiqarishga qaratilgani bilan ahamiyatli, – deydi amerika adabiyoti ixlosmandi, o`qituvchi Zarif Quvonov. – Unda hech bir adabiy asar yo`qki, o`z-o`zidan mashhur bo`lib ketmaydi va keng ommaga tarqalmaydi. Bunga asosiy sabab, asarda ko`tarilgan milliy ruh, xalq dardi va ijtimoiy adolatsizlikka qaratilgan g`oyadir. Ta`sir kuchi esa so`z qudratining o`quvchi ongi va shuuriga kirib kelish bilan o`lchanadi. Asar ta`sirida butun xalq va jamiyat uyg`onadi. Biz ko`p eshitganmiz, qaysidir kitob irqchilikka qarshi kurashgani uchun eng yaxshi asar sifatida qaralib, Nobel mukofotiga sazovor bo`lgan. Badiiy adabiyotda faqat haqiqatlar yashiringan bo`lishi kerak. U shunday kuchki, hatto hukumatga ham hisob bermaydi. Shuning uchun ayrim amirikalik adiblarni dastlab o`z yurti tan olmaydi. Biroq badiiy saviya yuqoriligi va dunyo e`tirof etgani bois o`zlari ham tan olgan. Amerika adabiyoti shu kabilardan xulosa chiqarib, badiiy so`z va adabiy qarashlarga yuqori nazar bilan boqadi. Shuning uchun ham amerikalik mualliflar adabiyot ixlosmandlari uchun sevimli ijodkorlar bo`lib qoladi.
XIX asr oxiri va XX asr boshlarida AQShda yirik monopoliyalar paydo bo`ldi. Bu davrda adabiyotdagi realistlar ijodida sosial tengsizlik, zulm va haqsizlikni fosh etish bosh maqsad qilib qo`yilgan. Qashshoqlik va ochlik uchun kurashishda adabiyot birinchi o`ringa ko`tariladi.
Asarlarida o`z “men”i emas, xalq dardini ilgari surgan va haqiqiy adabiyot kuchini ko`rsata olgan ijodkor sifatida uchta zabardast ijodkorlarni misol tariqasida keltirish mumkin. Bular Jek London, Teodor Drayzer va Ernest Xemingueydir.Xalqni asarlari ortidan ergashtirgan, huquq va erkinliklarini talab qilishni o`rgatgan demokratik adabiyotning yirik namoyandasi Jek London hisoblanadi. 1876-1916 yillarda yashab o`tgan yozuvchi realistik ruhdagi asarlari bilan mashhur bo`lgan. O`zi ham kambag`al dehqon oilasida dunyoga kelgan. Shuning uchun xalq dardini his qilish va qalamga olishga qiynalmagan.
Qisqa umri davomida u bir-biridan o`tkir asarlar yozib qoldirdi. “Yo`ldagilar sharafi uchun”, “Oq sukunat”, “Qirq mil narida”, “Bo`rivachcha” hikoyalarida shimol hayoti tasvirlanadi. “Otalar xudosi”, “Sovuq bolalar”hikoyalari unga juda katta shuhrat keltiradi. Uning deyarli barcha asarlari uzoq Shimoldagi insonlarning mashaqqatli turmush tarziga bag`ishlanadi. Ayniqsa, matonatli, jasoratli va latofatli negr ayoli haqidagi “Ayol jasorati” hikoyasi orqali adibning irqchilikka norozilik kayfiyati yaqqol seziladi. “Temir tovon” asarida oddiy ishchi oilasidan kelib chiqqan inqilobchi haqida so`z yuritilsa, “Martin Iden” romanida xalq ichidan chiqqan yozuvchining burjua jamiyatidagi og`ir ahvoli va fojiasini yorqin aks ettiradi. Mazkur asar dunyo adabiyotida hozir ham eng ko`p o`qiladigan kitoblardan.
Teodor Drayzer 1871-1945 yillarda yashab o`tgan. U amerika adabiyotida tanqidiy realizmning yuqori pog`onaga ko`tarilishida o`z hissasini qo`shgan. Bunga asosiy sabab o`zi ham ezilgan xalq orasidan chiqqan ijodkor edi. U “Baxtiqaro Kerri”, “Jenni Gerxardt”, “Moliyachi”, “Titan”, “Daho”romanlari orqali xalq dardini aks ettirdi. Ezilgan xalqni himoya qilib, korxonalarda og`ir yumushlarni bajarayotgan ayollar mehnatini qoralaydi, boy va manfur kimsalarni qattiq tanqid ostiga oladi. Tanqidiy realistik adabiyotning mashhur asari hisoblangan “Amerika fojiasi” romani bilan yozuvchi sifatida dunyoga taniladi. Ikki tomlik bu roman birinchi jahon urushidan so`ng yozilgan. Asarning bosh qahramoni burjua oilasidan chiqqan Klayd Grifits ismli yigit bo`lib, u xudbinligi, sevgidan boylikni ustun qo`yishi tufayli fojiali o`lim topadi. Bor aybi oshkor bo`ladi. Birgina manfur kishining qismati tufayli asar “Amerika fojiasi” deb nomlanadi.
Aslida roman voqeaga chuqur tanqidiy yondashilgani, badiiy mahorat yuksakligi tufayli yaxshi asarlar qatoridan joy oldi. Asarning qudrati yana shundaki, qariyb yuz yildan buyon sevib o`qilmoqda.

Amerikaning yana bir buyuk yozuvchisi Ernest Xeminguey 1899-1961 yillarda yashab o`tgan. Hayoti bevosita urush yillariga to`g`ri kelgani uchun asarlarida ham aynan ana shu jarayonlar tasvirlanadi. O`z personajlari orqali dahshatli va sovuq urushga qarshiligi, adolatsizlik va qonli to`qnashuvlarga nafratini bayon etadi. “Bizning zamondoshlar” kitobidagi hikoyalarda bular og`ir-vazminlik bilan oshkor qilingan bo`lsa, “Alvido, qurol” romanida urush jarayonlari ifoda etiladi. Asarda Avstriya-Italiya frontida ro`y bergan voqealar yoritiladi.
Adibning “Tushdan keyingi o`lim” asarida buqalar jangi, matadorlarning o`limi va jarohatlangan otlar ta`sirli ifodalanadi. Uning barcha asarlarida umid va umidsizlik birinchi o`rinda turadi. “Toza va yorug` joyda”, “Hayot yoki mamot” asarlarida hayot mohiyatini chuqur yoritadi, “Chol va dengiz” qissasida ham inson irodasi birgina chol qiyofasida gavdalantiriladi. Sant`yago obrazi shu qadar dadil va ishonchli yaratilganki, natijada asarning obro` qozonishiga turki bo`lgan. 1952 yil ushbu asar uchun adib Nobel mukofotini olgan.
Taraqqiyotning hozirgi bosqichida deyarli barcha sohada birinchilikni qo`ldan boy bermay kelayotgan AQSh badiiy adabiyoti bilan ham ibrat olarli qiyofaga ega. Avvalo, mamlakatda ijodkorlarning qadri balandligi, so`z san`ati namunalarining yuqori darajada ehtirom ko`rsatilishi bu soha taraqqiyotini ta`minladi. Eng yuksak insoniy qadriyatlarni ulug`lagan ushbu mamlakat adabiyoti ko`p jihatlari bilan dunyo badiiy adabiyoti kelajagini belgilamoqda.
Dilobar ASLIDDIN qizi, O`zA






