Ba`zi hollarda, moliyaviy qiyinchilik, e`tiborsizlik, ota-onaning hujjatlari (pasport, nikoh guvohnomasi)ning mavjud emasligi va x.k sabablar tufayli tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnoma vaqtida olinmaydi. Bu holat kelgusida bola uchun nafaqa olishda, fuqarolikni belgilashda, uni bog`chaga, maktabga berishda muammolar, ovoragarchiliklarga sabab bo`ladi.
Xo`sh bunday holatda nima qilish kerak?
1-holat bola tug`ruqxonada tug`ilgan bo`lsa.
Bunda, ota-ona yashayotgan yoki bola tug`ilgan joydagi FHDYo organiga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza berish lozim:
- ota-onaning pasporti;
- bolaning tug`ilganligi haqida tibbiy ma`lumotnoma (mazkur ma`lumotnoma so`ralgan kuni tug`ruqxona tomonidan taqdim etiladi);
- bolaning sog`lig`i to`g`risida ma`lumotnoma (poliklinikadan olinadi);
- bolaning ta`lim olayotganligi to`g`risida ma`lumotnoma (agar o`qiyotgan bo`lsa);
- bola tug`ilgan joydagi FHDYo arxividan ushbu bolaga nisbatan tug`ilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilmaganligi to`g`risida ma`lumotnoma.
2-holat bola uyda tug`ilgan bo`lsa
Bunda, ota-ona yashayotgan yoki bola tug`ilgan joydagi FHDYo organiga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza berish lozim:
- ota-onaning pasporti;
- bolaning ushbu onadan tug`ilganligiga guvoh bo`lganlar ishtirokida tuzilgan va uchastka shifokori (feldsher yoki akusher) tasdiqlagan dalolatnoma (dalolatnoma bola tug`ilgan kunda rasmiylashtirilgan bo`lishi shart);
- dalolatnoma asosida uchastka shifokori (feldsher yoki akusher) tomonidan berilgan ma`lumotnoma;
- bolaning sog`lig`i to`g`risida ma`lumotnoma (poliklinikadan olinadi);
- bolaning ta`lim olayotganligi to`g`risida ma`lumotnoma (agar o`qiyotgan bo`lsa);
- bola tug`ilgan joydagi FHDYo arxividan ushbu bolaga nisbatan tug`ilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilmaganligi to`g`risida ma`lumotnoma.
Agar bolaning ushbu onadan tug`ilganligiga guvoh bo`lganlar ishtirokida tuzilgan va uchastka shifokori (feldsher yoki akusher) tasdiqlagan dalolatnoma tuzilmagan bo`lsa, bunday hollarda bolaning aynan shu onadan tug`ilganligi fakti fuqarolik ishlari bo`yicha sud tomonidan belgilanadi.
Tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnoma barcha hujjatlar to`liq taqdim etilgan kuni beriladi. Tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnoma berilganligi uchun 25 830 so`m miqdorida yig`im undiriladi.






