Bosh prokuratura tomonidan Samarqand viloyati Kattaqo`rg`on tuman hokimiyati, tuman xalq ta`limi bo`limi mansabdor shaxslariga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari tamomlandi. Bu haqda Bosh prokuratura rasmiy sayti xabar tarqatdi.
Aniqlanishicha, M.Muzaffarov Kattaqo`rg`on tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari hamda tuman xalq ta`limi bo`limi mudiri A.Jumanazarovlar, 2018 yil 13 va 14 mart kunlari Kattaqo`rg`on tumanida faoliyat olib boruvchi 98 ta maktablar va 12 ta kasb-hunar kolleji direktorlariga ular rahbarlik qiluvchi o`quv muassasalarining o`qituvchi va texnik xodimlarini Kattaqo`rg`on tumanining Alijon, Olmazor, Navbahor, Zarqo`rg`on, Zarafshon, Qoradaryo, Yakkabog` mahallalari hududidan o`tuvchi, jami uzunligi 14 km. bo`lgan M-37 “Samarqand-Buxoro” avtomobil yo`lining qatnov qismi va atroflarida obodonlashtirish ishlarini bajarishga noqonuniy ravishda jalb qilishgan.
2018 yil 14 mart kuni soat 11:30 da tumandagi M-37 “Samarqand-Buxoro” avtomobil yo`lining “Alijon” mahallasi hududidan o`tuvchi 66 kilometrida “Buxoro-Samarqand” yunalishi bo`ylab harakatlanib kelayotgan A.Elmurodov boshqaruvidagi “Kamaz” rusumli yuk avtomashina old chap qismi bilan yo`lning qatnov qismini ikkiga bo`luvchi beton to`siqlari atrofini tozalayotgan 42-sonli umumta`lim maktabi o`qituvchisi Enikeeva Diana Aleksandrovnani urib yuborgan va D.Enikeeva olgan og`ir tan jarohatlari oqibatida vafot etgan.
Dastlabki tergov natijasiga ko`ra, 02.05.2018 yilda Kattaqo`rg`on tumani hokimining o`rinbosari M.Muzaffarov va tuman XTB mudiri A.Jumanazarovlarga nisbatan JKning 206-moddasi 1-qismi bilan ayb e`lon qilinib, 04.05.2018 yilda jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan jinoyat ishlari bo`yicha Samarqand viloyat sudiga yuborilgan.
Jinoyat ishlari bo`yicha Samarqand viloyat sudining 10.05.2018 yildagi hukmi bilan M.Muzaffarov va A.Jumanazarovlar JKning 206-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib, ularning har biriga JKning 45-moddasiga asosan 1 yil muddatga mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 2 yil muddatga ahloq tuzatish ishlari, ish haqidan 20% davlat foydasiga undirish tarzidagi jazo tayinlangan.






