Namanga “Adiblar xiyoboni”ning ochilishiga bag`ishlangan tadbir bo`lib o`tdi. Marosim an`anaviy mashrabxonlik tadbirlari bilan boshlandi, deb yozadi O`zA.
Mumtoz adabiyotimizning yirik namoyandasi, otashnafas shoir Boborahim Mashrabning mahobatli haykali o`rnatilgan so`lim va sokin xiyobon erta tongdan viloyatning davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari, shoir-yozuvchilar, olimlar, adabiyot ixlosmandlari, faxriylar va yoshlar bilan gavjum bo`ldi.
– Prezidentimiz tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan ishlar Namanganda ham o`z ifodasini topayotir, – deydi “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri Sirojiddin Raupov. – O`tgan yili mana shu xiyobonga otashnafas shoir Boborahim Mashrab haykali o`rnatilgan bo`lsa, mana bugun bu ulug` zot atrofida Namangandan etishib chiqqan bir qator fidoyi qalam ahlining siymolari joy oldi. Endi bu xiyobonda oilaviy sayr qilib yurgan ota-onaning farzandlari so`roviga “Bu Ibrat domla, bu esa So`fizoda, mana bunisi Usmon Nosir!” degan javobi murg`ak qalbga ma`rifat urug`ini ekish bilan barobar bo`ladi.
Xiyobondagi Boborahim Mashrab haykali atrofiga qo`yilgan Ishoqxon Ibrat, So`fizoda, Xilvatiy, Nodim Namangoniy, Usmon Nosir, Zafar Diyor, Chustiy, Rafiq Mo`min, Husniddin Sharipov, Habib Sa`dulla byustlari o`rab qo`yilgan oq matolar tushirilib, ular poyiga davlat va jamoat tashkilotlari jamoalari tomonidan gullar qo`yildi.
Tadbirda siymosi “Adiblar xiyoboni”dan joy olgan adiblar qalamiga mansub she`rlar, ulardan ilhomlanib yozilgan ijodiy ishlardan namunalar o`qildi. Viloyat musiqali drama va komediya teatri aktyorlari Boborahim Mashrab hayoti haqida hikoya qiluvchi “Ko`rgoli keldim” sahna asaridan parcha namoyish etdi.