2018 yil 22 may kuni jinoyat ishlari bo`yicha So`x tuman sudining Quvasoy shahar 15-sonli umumiy o`rta ta`lim maktabi binosida, ochiq sayyor sud majlisida O`zbekiston Respublikasi JK 182-moddasi 2-qismining “a” bandi bilan ayblangan Azizov Farzali Qo`chqorovichga oid jinoyat ishi bo`yicha sud muhokamasi bo`lib o`tdi.
Sud majlisida sudlanuvchi F.Azizov jinoyat yo`liga adashib kirib qolganligi, tengdoshlari bilan birga Qirg`iziston Respublikasi hududidan O`zbekiston Respublikasi hududiga juda ko`p miqdordagi tovarlarni o`tkazish jinoyatini faqatgina pul ishlab topish maqsadida qilganligi, sodir etgan jinoyatidan so`ng Rossiya Federasiyasiga ishga ketganligi, u erda ham qiynalib, sarson bo`lib yurganligi, unga nisbatan qidiruv e`lon qilinib, ehtiyot chorasi tariqasida qamoqqa olish qo`llanilganini otasi Q.Azizovdan eshitib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni tushunib etib, aybiga chin ko`ngildan pushaymon bo`lib, o`z ixtiyori bilan O`zbekistonga qaytib kelganligini bayon etdi.
Ishning sudda aniqlangan holatlariga ko`ra, F.Azizov 2017 yil 09 may kuni soat 2100larda o`ziga tegishli otga minib, Quvasoy shahar, Nayman qishlog`idagi davlat chegarasiga yaqin hududda joylashgan qabriston yonida jinoiy sheriklari A.Saidg`oziev, A.Musaev, R.Nosirov, M.Aybashovlar bilan uchrashib, dastlabki tergov va sudda shaxsi aniqlanmagan Qirg`iziston Respublikasida yashovchi “Oqjo`l” ismli shaxs va boshqa shaxslar tomonidan oldindan kelishilgan jami 18 ta qop va 10 ta qog`oz qutilardagi tovarlarni davlat chegarasidan O`zbekiston Respublikasi hududiga o`tkazilishini kutib turib, tovarlar chegara to`sig`i simlari ustidan maxsus chuqurlikka tashlanganligi haqidagi xabarni eshitgach, jinoiy sheriklari A.Xakimov va A.Saidg`ozievlar harbiy xizmatchilar kelib qolmasligi uchun atrofni kuzatib turganligidan foydalanib, o`zi A.Musaev, R.Nosirov va M.Aybashevlar bilan ushbu tovarlar tashlangan chuqurlikka borib, Quvasoy shahar, Nayman qishlog`idagi mevali bog` ichida “Damas” rusumli 40 R 751 DA davlat belgili avtomashinasida kelgusida Marg`ilon shahriga etkazib berilishini ta`minlash uchun jinoiy sherigi A.Sobitxonovga tashib berish va tashib berilgan har bir qop uchun 40.000 so`mdan pul olish maqsadida tovarlarni otlariga yuklamoqchi bo`lib turgan vaqtda shu hududda xizmat olib borayotgan harbiy xizmatchilar kelib qolganliklari sababli javobgarlikdan qutilib qolish maqsadida tovarlarni chuqurlikda qoldirib, jinoiy sheriklari bilan birga voqea joyidan qochib, yashiringan.
Harbiy xizmatchilar tomonidan rasmiylashtirilgan bayonnomaga asosan voqea joyidan 18 ta qop va 10 ta qog`oz qutilarga joylashtirilgan 4 xil turdagi tovarlar ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Farg`ona shahar “Kontinent-imkon baho” MChJning 2017 yil 20 iyul kungi 322-sonli hisobotiga ko`ra, M.Aybishev va boshqalardan ashyoviy dalil tariqasida olingan 4 xil turdagi tovarlarning baholash sanasida tavsiya etilayotgan umumiy qiymati 278.166.000 so`mni tashkil qilgan.
Sud sudlanuvchining hamda guvohlarning ko`rsatuvlarini eshitib, taraflarlarning muzokara nutqlarini, sudlanuvchining muzokara, himoya va oxirgi so`zlarini tinglab, jinoyat ishi materiallarini har tomonlama, to`la va xolisona tekshirib chiqib, F.Azizovga nisbatanO`zbekiston Respublikasi JK 182-moddasi2-qismining “a” bandi bilan JKning 57, 62-moddalari tartibida 4.568.137,5 so`m jarima jazosi tayinladi.F.Azizov sud zalidan darhol qamoqdan ozod qilindi.
Ish bo`yicha raislik etuvchi sudya R.Zaripovning fikriga ko`ra sudlanuvchi F.Azizovga nisbatan jazo turi va miqdorini belgilashda, jazoni og`irlashtiruvchi holatlar mavjud emasligi, sodir qilingan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi, sudlanuvchining shaxsi, yoshi, oilaviy sharoiti, yashash joyidan ijobiy tavsiflangani inobatga olingan hamda og`ir shaxsiy, oilaviy sharoitlarda jinoyat sodir etganligi, aybiga to`liq iqror bo`lib, qilmishidan chin ko`ngildan pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligi hamda o`z ixtiyori bilan tergov organlariga kelganligini jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar sifatida baholanib, sudlanuvchi F.Azizovga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo`llanib, mazkur jinoyat uchun belgilangan jazoning eng kam qismidan ham kamroq jazo tayinlangan. Mazkur hukm
2018 yilning 02 iyun kuni qonuniy kuchga kiradi.
Shunday ekan, jinoyat yo`liga adashib kirib qolgan va hozirda afsusda, chet el davlatlarida sarsonu-sargardon bo`lib yurgan shaxslar Muqaddas O`zbekistonimizga qaytsalar, aybini bo`yniga olish to`g`risida arz qilib, chin ko`ngildan pushaymon bo`lsalar yoki jinoyatni ochish uchun faol yordam bersalar, o`z nomlariga tushgan dog`ni oqlashlari, tinch va osuda hayotga qaytishlariga yana bir bor imkoniyat berilishi mumkin bo`ladi.