Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrugi tomonidan Qarshi shahridagi Madaniyat va aholi dam olish maskani va Nuriston dala o`quv maydonida Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo`shinlari hamda Favulodda vaziyatlar vazirligi hududiy bo`limlari bilan hamkorlikda ikki kunlik Serjantlar forumi o`tkazildi.
Forum ishining birinchi kunida Qarshi shahri harbiy prokuraturasi, viloyat hokimligi xotin-qizlar bo`limi hamda davlat va jamoat tashkilotlaridan vakillar ishtirok etib, bugungi kunda harbiy xizmatchilar va ularning oila a`zolarini ijtimoiy qo`llab-quvvatlashga doir qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati, oiladagi hamjihatlikni mustahkamlash omillari, yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tamoyillari xususida to`xtalib o`tishdi. Shuningdek, bo`linmalarda axloqiy-ruhiy muhit va harbiy intizomni mustahkamlashda kichik komandirlarning tutgan o`rni va roli, ular tomonidan erishilayotgan yutuq va kamchiliklar, askarlar hamda shartnoma bo`yicha harbiy xizmatchilarni ma`naviyati va jangovar tayyorgarligini yanada oshirishda innovasion yondashuvlar, mashg`ulot jarayonlarida interfaol usullardan keng foylanish masalalari hamda istiqboldagi rejalar muhokama etildi.
Tadbir yakunida harbiy xizmatchilar tomonidan O`zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo`yildi.
Forumning ikkinchi kuni Nuriston dala o`quv maydonida jangovar tayyorgarlik bo`yicha mashg`ulotlar bo`lib o`tdi. Serjantlar tarkibi 12 ta o`quv joyiga bo`linib, ko`rgazmali hamda amaliy mashqlarda ishtirok etishdi. Amaliy o`q otish maydonida harbiy okrug jangovar tayyorgarlik bo`limi tomonidan “zamonaviy” nishonga qarata o`q otildi. Mazkur nishonni ishlash mexanizmi juda sodda tuzilgan bo`lib, otilgan o`q zarbidan qulagan payt qizil rangli ishora nishoni ko`tariladi. Bu esa shartli dushman yakson etilganini uzoqda turib, tez va oson payqash imkonini beradi. Uni dastlabki holatga qaytarish uchun nishonga ulangan sim dastagidan foydalanadi. Mashg`ulot davomida nishonni ishlash mexanizmini yanada takomillashtirish bo`yicha serjantlar tomonidan bir qator takliflar berildi.
Forum yakunida harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonligi tomonidan serjantlar kengashida faol qatnashgan harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvonlar va qimmatbaho sovg`alar topshirildi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati